Juma, 27-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Gref: SI bozorida pufak bor, ammo u hozircha jahon iqtisodiyotiga tahdid solmayapti

Sberbank boshqaruvi raisi German Gref SI bozorida pufak borligini, biroq hozircha jahon iqtisodiyotiga tahdid koʻrmayotganini aytdi.

27-noyabr, 19:02По-русски

Read in English

sborka.ai

26 noyabr kuni Rossiyaning Moskva shahrida boʻlib oʻtgan AI Journey tadbirida Gref vaziyatni SI texnologiyalarini joriy etish surʼatlari ularni ishlab chiqish uchun zarur xarajatlardan ortda qolayotgani bilan izohladi. Uning soʻzlariga koʻra, jahon bozori soʻnggi ikki hafta ichida tuzatish bosqichidan oʻtdi, ammo bu moliyaviy qulashdan dalolat bermaydi.

Gref SIʼga kiritilayotgan investitsiyalar misli koʻrilmagan darajada ekanini aytib, cheklangan sondagi kompaniyalar va mamlakatlar ishlab chiqaradigan ixtisoslashtirilgan chiplar taqchilligini qayd etdi. Uning baholashicha, bu chiplarning narxi normal bozor sharoitiga mos keladigan darajadan ikki-uch baravar yuqori. Shu sababli modellarni ishlab chiquvchilar katta ishlab chiqarish xarajatlarini koʻtarishmoqda, bozor uchun kurash esa hozircha modellarning hech biriga kiritilgan mablagʻlarni qoplash imkonini bermayapti.

Shu bilan birga, modellar va tokenlar yil sayin arzonlashmoqda. Grefning fikricha, bu texnologiyaning foydalanish uchun ochiqligini oshiradi va uning biznes, davlat boshqaruvi hamda boshqa sohalarda rivojlanishiga imkon beradi. U bundan foydani texnologiyalarni yaratuvchilar emas, balki SIʼni joriy etayotgan kompaniyalar olayotganini qoʻshimcha qildi. Sberbank hozircha AQSh iqtisodiyoti yoki jahon makroiqtisodiyoti uchun jiddiy tahdidni koʻrmayapti va mavjud vaziyatni toʻlaqonli moliyaviy inqiroz deb hisoblamayapti.