Gollandiyadagi mojaro: AZda 15 yoshli futbolchilarni safda yurishga majburlashdi, peyntbol sharlaridan oʻqqa tutishdi va tovuqlarni soʻyishga majbur qilishdi
Niderlandiyaning eng yaxshi akademiyasi tarbiyalanuvchilari haddan tashqari muloyim, degan qarorga kelib, AZning 15 yoshli futbolchilarini sobiq harbiylarga topshirdi. NRC va Trouw nashrlarining shov-shuvli tekshiruvi yakunlarini hikoya qilamiz: yogʻoch xodalar, peyntbol va kechki ovqat uchun oʻzlari soʻyishiga toʻgʻri kelgan tovuq.

AZ Alkmaar akademiyasi Yevropadagi eng muvaffaqiyatli akademiyalardan biri. 2023 yilda uning U19 jamoasi UEFA Yoshlar ligasida gʻolib chiqdi: turnir davomida «Real»ni (4:0) va «Barselona»ni (3:0) yirik hisobda magʻlub etdi, finalda esa «Hayduk»ni (5:0) yengdi. AZgacha birorta ham niderlandiyalik klub bu turnirda gʻolib chiqmagan edi. Ammo 2025 yil mart oyida NRC va Trouw gazetalari tekshiruv eʼlon qildi va shundan keyin bu tizimga boshqacha qarash boshlandi. Jurnalistlar besh oy davomida material toʻplab, 45 kishi bilan suhbatlashdi. Tekshiruv haqida Sports.ru yozmoqda.
Bu voqeaning ildizi 2009 yilga borib taqaladi. Oʻsha paytda klubning asosiy homiysi boʻlgan DSB bankrot boʻldi va AZ oʻz tarbiyalanuvchilariga tayanishga qaror qildi. Bu qaror oʻzini oqladi: tasvirlangan voqealardan uch oy oldin akademiya ketma-ket ikkinchi yil mamlakatdagi eng yaxshi akademiya deb topildi. Ammo klubda tanqidiy fikrlar ham yangrardi: goʻyoki bitiruvchilar haddan tashqari itoatkor va tartibli boʻlib, muhim oʻyinlarda qattiqqoʻlroq raqiblarga yutqazardi. Rahbariyat oʻsmirlarni chiniqtirish kerak, degan qarorga keldi.
2016 yil avgustida U16 jamoasining 19 nafar futbolchisini avtobusga oʻtqazib, ularni Walibi Holland koʻngilochar bogʻiga olib borishlarini aytishdi. Telefonlari olib qoʻyildi, eshiklar esa faqat toʻrt yarim soatdan keyin — Germaniyaning Ayfel oʻrmonlarida ochildi. U yerda ularni uch nafar sobiq harbiy boshqaradigan uch kunlik lager kutib turardi. Bu gʻoya futbolchilardan birining otasi — sobiq maxsus boʻlinma askari va Special Forces in Business kompaniyasida instruktor boʻlib ishlagan kishi — tomonidan ilgari surilgan. Kompaniya egasi keyinchalik klub oʻsmirlar hammasini tashlab ketishni istab qoladigan tarzda ishlab chiqilgan «harbiy» formatni oʻzi buyurtma qilganini tan oldi.
Futbolchilar oʻrmon boʻylab yogʻoch xodalarni koʻtarib safda yurishdi, arqonga tirmashishdi, vaqtga qarab chodir tikishdi va koʻlda mashqlar bajarishdi, garchi ayrimlari suzishni bilmasa ham. Kechasi ularni mashgʻulot uchun uygʻotishar, qoidani buzgan futbolchi esa yerga yotqizilgan jamoadoshlarining orqalari ustidan yurardi. Peyntbol qurollari bilan bajariladigan mashq ham boʻlgan: futbolchilar murabbiyni oʻqqa tutiladigan hududdan olib oʻtishgan. Mashqdan keyin yigitlarning badanida koʻkarishlar qolgan, bir futbolchining boʻyniga va Axilles payiga oʻq tekkan.
Eng ogʻir kechgan voqea oxirgi kechki ovqatda yuz berdi. Akademiyada qatʼiy ovqatlanish rejimi va yogʻ foiziga katta eʼtibor berilgani sababli odatda taqiqlangan mahsulot — kartoshka fri berildi. Unga qoʻshib tovuq ham tortilishi kerak edi, ammo uni oʻsmirlarning oʻzlari soʻyib, tayyorlashlari lozim boʻldi. Oʻsha yerda boʻlgan klub xodimi bundan hayratga tushdi, biroq aralashmadi. Rad etganlarni koyishdi, oxir-oqibat yigitlarning bir qismini koʻndirishdi. Darvozabon Mes Bakker keyinchalik bir necha hafta davomida tovuqqa qaray olmadi.
Ota-onalar norozilik bildirishdi, ammo asosan jim qolishdi. Oʻsmirlarning oʻzi esa jamoada qolish imkoniyatidan ayrilib qolishdan qoʻrqib, ota-onalaridan aralashmaslikni soʻrashdi. Akademiya rahbari Paul Brandenburg oxir-oqibat harbiy yondashuv haddan oshib ketganini tan oldi va qushlarni soʻyishni nomaqbul deb atadi. Klub bunday lagerlardan voz kechganini maʼlum qildi. Shu bilan birga, AZ tekshiruvni biryoqlama deb atadi.
Yana oʻqing

«Qabulda bunday oʻyinni faqat Jokovich koʻrsatgan»: Roddik — Karlos Alkaras haqida
Sport26-noyabr, 19:34
Boston bosh murabbiyi NBAning 11 karra chempioni Fil Jekson natijasini takrorladi
Sport26-noyabr, 19:33
