Ohangaron tumanida $2 mlrdlik “aqlli shahar” qurish rejalashtirilmoqda
Ohangaron tumani hokimligi va Janubiy Koreyaning NCG GROUP kompaniyasi $2 mlrdlik “aqlli shahar” loyihasi boʻyicha memorandum imzoladi. Bu hamkorlikning dastlabki bosqichi.

Tomonlar raqamli texnologiyalar, sunʼiy intellekt va avtomatlashtirilgan boshqaruv tizimlariga ega loyihani birgalikda ishlab chiqishga kelishib oldi. Toshkent viloyati hokimligining xabar berishicha, tashabbus tuman infratuzilmasini modernizatsiya qilishi, davlat va kommunal xizmatlar samaradorligini oshirishi kerak.
Loyihada energiya resurslaridan yanada oqilona foydalanish, ekologik yechimlar va jarayonlarni avtomatlashtirish ham koʻzda tutilgan. Yana bir yoʻnalish — Ohangaron tumanining sanoat salohiyatini kengaytirish. Xususan, Janubiy Koreyaning LG va Samsung kompaniyalari ishtirokida ishlab chiqarish korxonalarini qurish rejalashtirilmoqda.
Mualliflar rejasiga koʻra, yangi ishlab chiqarishlar xorijiy investitsiyalarni jalb qilishi, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirishi va mahalliy aholi uchun ish oʻrinlari yaratishi kerak. Keyingi bosqichlarda tomonlar loyihaning texnik, iqtisodiy va tashkiliy parametrlarini, shuningdek uni amalga oshirish boʻyicha amaliy choralarni belgilashni rejalashtirmoqda.



