Juma, 27-noyabr 2026-yil
Jamiyat

Oʻzbekistonda mahsulotlarning oziqaviy qiymati bazasi ishlab chiqiladi

Oʻzbekistonda oziq-ovqat mahsulotlari va tayyor taomlar tarkibi haqidagi milliy maʼlumotlar bazasini shakllantirish boshlandi. Loyiha BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) koʻmagida yoʻlga qoʻyildi.

18-noyabr, 16:11По-русски

Read in English

Loyihaning yoʻl xaritasi Toshkent davlat agrar universitetida oʻtkazilgan seminarda muhokama qilindi. Unda soha ekspertlari, tegishli idoralar vakillari va Oziq-ovqat mahsulotlari xavfsizligi qoʻmitasi xodimlari ishtirok etdi.

Birinchi bosqichda ishtirokchilar bazaga qaysi mahsulotlar va oziq moddalar kiritilishini belgiladi. Shuningdek, allaqachon toʻplangan maʼlumotlarning qanchalik ishonchli ekani va qaysi yoʻnalishlarda yangi laboratoriya tahlillari zarurligi muhokama qilindi.

Seminarda 70 ta ilmiy ish sharhi taqdim etildi. Uning natijalariga koʻra, don mahsulotlari va mevalarning tarkibi yetarlicha yaxshi oʻrganilgan. Bir nechta tarkibiy qism uygʻunlashadigan milliy taomlarning oziqaviy qiymati haqida esa ancha kam maʼlumot bor.

Bazaga alohida mahsulotlar va tayyor taomlardagi oqsillar, yogʻlar, uglevodlar, temir, vitaminlar hamda boshqa muhim moddalar miqdori haqidagi maʼlumotlar kiritiladi.

Ushbu maʼlumotlar yordamida mutaxassislar mamlakat aholisi kundalik ratsionini baholashi va ayrim oziq moddalar yetishmasligini aniqlashi mumkin boʻladi. Bundan tashqari, baza milliy oshxona va oʻzbekistonliklarning ovqatlanish odatlarini hisobga oladigan sogʻlom ovqatlanish boʻyicha tavsiyalar uchun ilmiy asos boʻlib xizmat qiladi.