Juma, 27-noyabr 2026-yil
Madaniyat

Bred Pitt va Anjelina Joli ayrilganidan 10 yil oʻtib nizoni hal qildi

Bred Pitt va Anjelina Joli Château Miraval boʻyicha nizoni suddan tashqari tartibda hal qildi. Ularning vakillari qaror oila manfaatlarini koʻzlab qabul qilinganini maʼlum qildi, biroq kelishuv tafsilotlarini oshkor etmadi, deb yozadi Hello! Magazine.

26-noyabr, 12:55По-русски

Read in English

hellomagazine.com

Nizo Joli Fransiyadagi vinochilik xoʻjaligidagi ulushini Stoli Group kompaniyasiga qarashli Tenute del Mondo kompaniyasiga sotganidan keyin yuzaga kelgan. Pitt 2022-yilda daʼvo arizasi kiritib, sobiq er-xotin oʻz ulushlarini bir-birining roziligisiz sotmaslikka kelishib olganini bildirgan. Joli esa uning roziligini olish zaruriyatiga eʼtiroz bildirgan.

Juftlik 2008-yilda Fransiyaning janubida joylashgan, maydoni 1 200 akr boʻlgan mulkni sotib olgan. 2014-yil avgustida ularning toʻyi shu yerda boʻlib oʻtgan. Kelishuv tuzilgach, Pitt va Jolining bir-biriga nisbatan daʼvolari hal qilingan, biroq Pittning biznesmen Yuriy Shefler va uning kompaniyasiga qarshi alohida daʼvosi davom etmoqda.

Sud jarayoni davomida Joli advokatlari uning ulushini Pittga sotish boʻyicha muzokaralar oshkor etmaslik toʻgʻrisidagi bitim loyihasi sabab barbod boʻlganini taʼkidlagan. Ularning soʻzlariga koʻra, hujjat Jolining zoʻravonlik haqidagi ayblovlar toʻgʻrisida jamoatchilik oldida gapirish imkoniyatini cheklashi mumkin edi. Joli, shuningdek, Pitt 2016-yil sentabrida xususiy samolyot parvozi vaqtida unga va farzandlariga nisbatan jismoniy hamda ogʻzaki zoʻravonlik qilganini bildirgan. Pitt ayblovlarni rad etgan. Rasmiylar hodisani tergov qilgan, biroq unga nisbatan jinoiy ayblovlar ilgari surilmagan. Juftlikning ajrimi 2024-yil dekabrida rasmiylashtirilgan, vinochilik xoʻjaligi boʻyicha nizo esa alohida davom etgan.