Xitoy kompaniyalari Oʻzbekistonga biznes missiyalarini yuboradi
Xitoyning Anxoy provinsiyasi tadbirkorlari investitsiya imkoniyatlarini oʻrganish va loyihalar boʻyicha muzokaralar oʻtkazish uchun Oʻzbekistonga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda.

Bu kelishuv Bengbu shahrida oʻtkazilgan biznes-forumdan soʻng paydo boʻldi. Forum Oʻzbekiston Bosh konsulligi xodimlari VI Xalqaro yangi materiallar sanoati konferensiyasida ishtirok etayotgan paytda oʻtkazildi, deb xabar beradi «Dunyo» axborot agentligi.
Oʻzbekiston diplomatlari Anxoy provinsiyasi vitse-gubernatori He Chunquan va Bengbu shahri meri Wei Xiufang bilan uchrashdi. Shuningdek, provinsiya savdo departamenti hamda mahalliy biznes vakillari bilan uchrashuvlar oʻtkazildi.
Forumda Anxoy provinsiyasidan 50 dan ortiq kompaniya qatnashdi. Ular energetika, avtomobilsozlik, farmatsevtika, shisha ishlab chiqarish, toʻqimachilik, qurilish va konchilik sohalarida faoliyat yuritadi. Mehmonlarga Oʻzbekiston infratuzilmasi, xorijiy investorlar uchun imtiyozlar hamda soʻnggi yillarda amalga oshirilgan islohotlar mamlakat iqtisodiyoti va ishbilarmonlik muhitini qanday oʻzgartirgani haqida maʼlumot berildi.
Xitoy biznesi eng avvalo shisha ishlab chiqarish, avtomobilsozlik, energetika, qishloq xoʻjaligi va qayta ishlash sohalaridagi loyihalarga qiziqish bildirdi. Qiziqish uygʻotgan yoʻnalishlar roʻyxatidan IT, toʻqimachilik sanoati va «yashil» texnologiyalar ham joy oldi.
Forumdan soʻng alohida kompaniyalar bilan ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazildi. Ular orasida Anhui HuiGlass, Anhui Zhenli Auto Parts, Anhui Aopu Automobile Brake System va Anhui BBCA Group bor. Delegatsiya yirik shisha zavodiga ham tashrif buyurdi.
Keyingi qadam allaqachon kelishib olindi. Qashqadaryo viloyati hokimi noyabr–dekabr oylarida Anxoyga boradi va u yerda mazkur kompaniyalar vakillari u bilan muzokaralar oʻtkazadi. Shundan soʻng xitoylik tadbirkorlar Oʻzbekistonga keladi.



