Oʻzbekistonda ChatGPT, Claude va boshqa sunʼiy intellekt xizmatlariga yangi alifboga oʻtish soʻraladi
Loyihada yangi alifboni raqamli xizmatlarda va mahsulotlar qadoqlarida joriy etish ham koʻzda tutilgan.

Bu chora yangilangan alifboni joriy etish toʻgʻrisidagi qaror loyihasidan oʻrin olgan.
2026–2027-yillarda OpenAI, Google, Anthropic, xAI, DeepSeek, Meta va boshqa ishlab chiquvchilarga rasmiy murojaatlar yuboriladi. Ularga amaliy yordam ham taklif etiladi. Bu yoʻnalish uchun Raqamli texnologiyalar vazirligi, Taʼlim va fan vazirligi hamda Fanlar akademiyasi masʼul.
Qonun kuchga kirgach, yangi alifbo marketpleyslar, striming xizmatlari va elektron kataloglar uchun majburiy boʻladi. Bank, soliq va bojxona tizimlaridagi dasturiy taʼminot hamda bankomat interfeyslari esa bundan oldin yangilanadi.
2027-yil 22-apreldan 2028-yil 22-aprelgacha qadoqlarda har ikki alifbodan foydalanish mumkin boʻladi. Shundan keyin yangi buyurtmalar boʻyicha qadoqlar faqat yangilangan alifboda chop etiladi. Eski zaxiralarni 2029-yil 22-aprelgacha ishlatishga ruxsat beriladi. Eski markirovkadagi tovarlarni yaroqlilik muddati tugaguncha sotish mumkin.
2027/2028-oʻquv yilidan boshlab birinchi sinf oʻquvchilari yangi alifbo asosida taʼlim ola boshlaydi. Hujjatlar almashtirilganda ular yangi qoidalar asosida rasmiylashtiriladi.
Loyiha 6-dekabrgacha muhokama qilinadi.
Yana oʻqing

Anthropic rahbari AIga insoniyatni boshqarishni topshirish gʻoyasini rad etdi
Texnologiyalar12:17
Ilon Maskning AI uchun millionta sunʼiy yoʻldosh uchirish rejasi maʼqullandi
Texnologiyalar10:15
