Tojikiston xalq yozuvchisi Maryambonu Fargʻoni: «Sunʼiy intellekt — mening joʻram»
Tojikistonlik yozuvchi Maryambonu Fargʻoni 11 noyabr kuni 70 yoshini nishonladi. Avgust oyida u Tojikiston xalq yozuvchisi unvoniga sazovor boʻlgan 27 nafar adib orasidagi birinchi ayol boʻldi.

70 yilligi munosabati bilan Tojikiston Yozuvchilar uyushmasida adabiy kecha oʻtkazildi. Fargʻoni uzoq yillar Oʻzbekistonning Soʻx tumanida tojik tili va adabiyotidan dars berdi, keyin Dushanbega koʻchib oʻtib, ommaviy axborot vositalarida ishlay boshladi.
Yozuvchi Boris Pasternak xalqaro mukofoti va Sadriddin Ayniy nomidagi mukofot bilan taqdirlangan. Unga Tojikiston xalq yozuvchisi unvoni Madaniyat vazirligi uning nomzodini ilgari surgach berildi. Fargʻoni aytishicha, oxirgi lahzagacha mukofot unga berilishiga ishonmagan: ilgari u oʻzi ariza topshirmagan va hech qayerga murojaat qilmagan.
Fargʻoni maktabdagi ishini adabiyot bilan birga olib borganini aytdi. Oʻzbekistondagi tojik matbuotida bir yilda uning atigi bir necha matni chop etilardi, biroq u yozishdan voz kecha olmadi. Unga nashr etilgan asarlarini yigʻib, saqlab kelgan opasi yordam bergan.
Yozuvchi oʻzini bir vaqtning oʻzida jurnalist, shoira, nosir va pedagog deb biladi. Uning «Tamanno» qissasi vaqt oʻtishi bilan romanga aylandi va yaqinda Eronda nashr etildi. Fargʻoni texnologiyalar davrida bosh qahramon haqida davomini yozishi mumkinligini istisno qilmaydi, biroq hozircha bunday qarorga kelgani yoʻq.
Yozuvchining soʻzlariga koʻra, uning qahramonlari kurashishi, maqsadiga erishishi va gʻalaba qozonishi kerak. U, shuningdek, Yozuvchilar uyushmasi qoshida nosirlar uchun tajribali ustozlar ishtirokidagi mashgʻulotlar tashkil etilishini qoʻllab-quvvatlaydi. Fargʻoni sunʼiy intellektni joʻrasi deb ataydi, biroq uning javoblarini mutlaq haqiqat deb hisoblamasligini taʼkidlaydi.
Oʻzining ona yurti Soʻxga u qariyb 20 yildan beri bormagan. U yerga quruqlik orqali faqat Oʻzbekiston yoki Qirgʻiziston fuqarolari kirishi mumkin, doimiy havo qatnovi esa yoʻq. Fargʻoni u yerga yana borib, ota-onasining qabrlarini ziyorat qilishga umid qilmoqda.



