Fargʻona viloyatida 500 MVt quvvatli quyosh stansiyasi quriladi
Fargʻona viloyatida 500 MVt quvvatli quyosh stansiyasi loyihasini ishlab chiqish boʻyicha kelishuv imzolandi. Loyihaga 350 mln dollar jalb etiladi.

Oʻzbekistonning Fargʻona viloyatida Energetika vazirligi, Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi, Oʻmonning Voltamp Energy SAOG kompaniyasi hamda mahalliy UET Construction kompaniyasi loyihani birgalikda rivojlantirish boʻyicha kelishuv imzoladi. Hujjat 500 MVt quvvatli quyosh elektr stansiyasini amalga oshirishga tayyorgarlik koʻrishni nazarda tutadi.
Loyihaga 350 mln dollar toʻgʻridan-toʻgʻri investitsiya jalb etish rejalashtirilmoqda. Stansiya ishga tushirilgach, yiliga qariyb 1 mlrd kVt·soat ekologik toza elektr energiyasi ishlab chiqarilishi kutilmoqda. Bu yiliga 250 mln kub metrgacha tabiiy gazni tejash imkonini beradi.
Hozir Voltamp Energy SAOG mutaxassislari loyiha uchun ajratilgan hududni oʻrganib, moliyaviy modelni ishlab chiqmoqda. Bu ishlar yakunlangach, tijoriy taklif taqdim etilishi rejalashtirilmoqda.
Bundan tashqari, Voltamp transformatorlar uchun maxsus oʻtkazgichlar ishlab chiqarishni tashkil etish boʻyicha Texnokabel Group bilan kelishib oldi. Nura Group bilan birgalikda Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida yuqori kuchlanishli transformatorlar ishlab chiqaradigan zavod qurish rejalashtirilmoqda.



