Juma, 27-noyabr 2026-yil
Jamiyat

Oʻzbekiston Markaziy Osiyoda iqlimga chidamli tizimlarni kuchaytirishga chaqirdi

Turkiyadagi COP31 tadbirida Oʻzbekiston sogʻliqni saqlash tizimlarini iqlim xatarlaridan himoya qilish uchun hamkorlik va investitsiyalarni rivojlantirishga chaqirdi.

12-noyabr, 11:55По-русски

Read in English

climatedatabook.com

12 noyabr kuni Islomobodda Pokistonning iqlim oʻzgarishini tahlil qilish markazi ClimateDataBook Turkiyadagi BMTning iqlim oʻzgarishi boʻyicha 31-konferensiyasi (COP31) Oʻzbekiston milliy pavilonida oʻtkazilgan tadbir haqida material eʼlon qildi.

Muhokama «Iqlim xatarlaridan iqlimga chidamli sogʻliqni saqlash tizimlarigacha: Markaziy Osiyoda gender omilini hisobga olgan holda moslashuvni moliyalashtirish» mavzusida oʻtdi. Unda mintaqaviy hamkorlik va sogʻliqni saqlash tizimlarining iqlim oʻzgarishiga chidamliligini oshirish uchun investitsiyalarni jalb etish masalalari muhokama qilindi. Ayollar, bolalar va boshqa zaif guruhlarni himoya qilishga alohida eʼtibor qaratildi.

Nashr maʼlumotlariga koʻra, Global yashil oʻsish instituti (GGGI) va BMT Aholishunoslik jamgʻarmasi (UNFPA) oʻzaro anglashuv memorandumini imzolagan. Hujjat sogʻliqni saqlashning iqlimga chidamli infratuzilmasini rivojlantirish, investitsiyalarni rejalashtirish va institutsional salohiyatni mustahkamlash boʻyicha hamkorlikni nazarda tutadi.

Oʻzbekiston Ekologiya va iqlim oʻzgarishi milliy qoʻmitasi raisining maslahatchisi Alisher Salomov iqlim oʻzgarishi Markaziy Osiyoda nafaqat ekologiyaga, balki aholi salomatligi va iqtisodiy rivojlanishga ham taʼsir koʻrsatayotganini aytdi. U, shuningdek, Orolboʻyidagi ekologik inqirozning odamlar salomatligiga taʼsiri va GGGI hamda UNFPA bilan hamkorlik qilish muhimligini taʼkidladi.

Materialda qayd etilishicha, Qoraqalpogʻiston uchun iqlimga chidamli onalar salomatligini muhofaza qilish modeli ishlab chiqilmoqda. Bundan tashqari, ekologik oʻzgarishlar sabab ishini yoʻqotgan ayollarni qoʻllab-quvvatlash choralari ham koʻzda tutilgan.