AMOPA Oʻzbekiston taʼlim muassasalariga fransuz tilidagi kitoblar grantini topshirdi
Fransiyaning AMOPA assotsiatsiyasi Oʻzbekiston taʼlim muassasalariga kitob va oʻquv qoʻllanmalarini bepul berdi. Yuk Parij–Toshkent reysi bilan joʻnatildi.

17 noyabr kuni Parijda Oʻzbekistonning Fransiyadagi elchixonasi va Fransiya Akademik palmalar ordeni aʼzolari assotsiatsiyasi (AMOPA) kelishuvlari asosida mamlakat taʼlim muassasalariga kitob koʻrinishidagi grant topshirildi. Adabiyotlar «Le Don du livre 2025» («Kitob tuhfasi — 2025») dasturi doirasida Oʻzbekistonga yuborildi.
Toʻplamda fransuz tili, grammatika, matematika va boshqa fanlar boʻyicha qoʻllanmalar, ish daftarlari, bolalar adabiyoti hamda pedagoglar uchun materiallar bor. Shuningdek, muassasalarga badiiy va ilmiy-ommabop nashrlar, jumladan Molyer, Volter, Viktor Gyugo, Onore de Balzak va Emil Zolya asarlarining izohli nashrlari, shuningdek imtihonlarga tayyorgarlik qoʻllanmalari berildi.
Kitoblarni Fransiyaning Hatier, Magnard va Nathan taʼlim nashriyotlari chop etgan. Ular maktabgacha taʼlim tashkilotlari, umumtaʼlim maktablari, akademik litseylar va texnikumlar uchun moʻljallangan. Tashabbus oʻquv-uslubiy bazani mustahkamlashi, fransuz tilini oʻqitishni qoʻllab-quvvatlashi va yoshlarning xorijiy tillarni oʻrganish imkoniyatlarini kengaytirishi kerak.
AMOPA «Akademik palmalar» ordeni bilan taqdirlangan pedagoglar, olimlar va taʼlim sohasi vakillarini birlashtiradi. «Le Don du livre» dasturi 1992 yildan beri fransuz tili va frankofoniyani qoʻllab-quvvatlashga qaratilgan.



