AQSh hakamlar hayʼati Huaweiʼni 10 band boʻyicha aybdor deb topdi
Bruklindagi federal hayʼat Huaweiʼni Eron va tijorat sirlari bilan bogʻliq ayblovlar boʻyicha aybdor deb topdi. Huawei hukm ustidan shikoyat qilmoqchi.

Seshanba kuni AQSh Bruklinida federal hayʼat Huaweiʼni ishdagi 12 bandning 10 tasi boʻyicha aybdor deb topdi. Kompaniya va unga aloqador uch tuzilma bank firibgarligi, sanksiyalarni buzish, tijorat sirlarini oʻgʻirlash va odil sudlovga toʻsqinlikda ayblangan.
Hayʼat Huaweiʼni jinoyat sodir etish maqsadidagi til biriktirishda aybdor deb topmadi. Bu ayblov kompaniya jinoiy tashkilot sifatida ish koʻrganini nazarda tutgan. Huawei vakillari hukm chiqarilgan bandlar huquqiy asosga ega emasligini aytib, manfaatlarini himoya qilish uchun «barcha zarur huquqiy choralar»ni koʻrishga vaʼda berdi.
Jarayon ikki oydan koʻproq davom etdi. Prokuratura Huawei Eronda banklarni chalgʻitib, AQSh kompaniyalari texnologiyalarini olganini aytdi. Epizodlar Cisco Systems marshrutizatorlari manba kodining ehtimoliy oʻzlashtirilishi, Quintel antenna texnologiyasidan foydalanish va CNEX ishlanmasiga kirishni oʻz ichiga olgan.
Prokurorlar Huawei xodimi T-Mobile robotining bir detalini olib ketishga uringani va kompaniya muhandisi qurilmani suratga olish uchun Fujitsu stendiga kirgani haqidagi materiallarni ham taqdim etdi. Himoya banklar Huaweiʼning Erondagi faoliyatidan xabardor boʻlganini, prokuratura esa alohida epizodlarni uzoq davom etgan til biriktirish haqidagi yagona versiyaga birlashtirganini aytdi.
Yana oʻqing

Anthropic rahbari AIga insoniyatni boshqarishni topshirish gʻoyasini rad etdi
Texnologiyalar12:17
Ilon Maskning AI uchun millionta sunʼiy yoʻldosh uchirish rejasi maʼqullandi
Texnologiyalar10:15
