Toshkentda Nexia 3 daraxtga urildi: uch kishi halok boʻldi
Toshkentda Nexia 3 haydovchisi va ikki yoʻlovchi mashina daraxtga urilgach halok boʻldi. YTH 16 noyabr soat 04:50 atrofida Bunyodkor koʻchasida yuz berdi.

Hodisa Toshkent shahrining Chilonzor tumanidagi Bunyodkor koʻchasida, “Uztelekom” binosi qarshisida sodir boʻlgan. Poytaxt YHXB matbuot xizmati maʼlumotiga koʻra, 18 yoshli haydovchi koʻchada harakatlanayotib boshqaruvni yoʻqotgan. Shundan soʻng avtomobil yoʻl chetiga chiqib, daraxtga urilgan.
Haydovchi va ikki yoʻlovchi shifoxonaga yetkazilgan. Koʻrsatilgan tibbiy yordamga qaramay, uchalasi ham olgan ogʻir jarohatlari oqibatida vafot etgan.
Tergov avariyaning ehtimoliy sabablaridan biri sifatida rul boshqaruvidagi texnik nosozlikni koʻrib chiqmoqda. YTH yuzasidan Oʻzbekiston Jinoyat kodeksining 266-moddasi — transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish — boʻyicha jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. Tergov davom etmoqda.



