Oʻzbekistonda qurilish materiallarini nazorat qiluvchi uchta laboratoriya tashkil etiladi
Prezident Shavkat Mirziyoyev Toshkent, Fargʻona va Samarqandda qurilish materiallarini tekshiruvchi uchta laboratoriya tashkil etishni topshirdi. Ular kelasi yilda ishga tushirilishi kerak.

Oʻzbekistonda prezidentning qurilish sohasi investorlari va tadbirkorlari bilan uchrashuvida laboratoriyalar joylashadigan manzillarni bir oy ichida belgilash hamda ularni kelasi yil foydalanishga topshirish vazifasi qoʻyildi.
Uchrashuvda mahalliy korxonalar sifati tekshiruvdan oʻtmaydigan arzon import bilan raqobat qilayotgani, mamlakatda zarur sinovlarni oʻtkazish uchun laboratoriyalar yetishmasligi taʼkidlandi. Yangi obyektlar aholini sifatsiz va sogʻliq uchun xavfli mahsulotlardan himoya qilishi kerak.
Kelasi yildan budjet mablagʻlari hisobidan qurilishda, avvalo, mahalliy materiallardan foydalanish talab etiladi. Davlat xaridlari portalida mahalliy ishlab chiqaruvchilar uchun alohida maydoncha tashkil etilib, ularga yillik hajmi 15–20 trln soʻmlik bozorga chiqish imkoniyati beriladi. Yangi Toshkentda ishlayotgan developerlar uchun oʻn kun ichida 200 mln dollarlik imtiyozli kredit liniyasi ochiladi. Mablagʻlardan faqat mahalliy qurilish materiallarini xarid qilish uchun foydalanish mumkin boʻladi.
Shuningdek, hokimiyat bir oy ichida pardozbop tosh konlari yaqinida qiymati kamida 100 mln dollarlik loyihalarga tadbirkorlarni jalb etishni topshirdi. Keyinchalik yangi konlar «nol chiqindi» tamoyili asosida ishlash sharti bilan auksionga chiqariladi.



