Oʻzbekiston Prezidenti Ummonning yetakchi kompaniyalari rahbarlari bilan uchrashdi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Ummonda yirik biznes vakillari bilan uchrashdi. Tomonlar ishchi guruh tuzish va qoʻshma tashabbuslarni amalga oshirishni har chorakda muhokama qilishga kelishdi.

Uchrashuvda Oʻzbekiston-Ummon investitsiya kompaniyasining ustav kapitalini oshirish, togʻ-kon, elektrotexnika va kimyo sanoati, «yashil» energetika, shaharsozlik, transport va logistika, infratuzilma hamda qishloq xoʻjaligidagi qoʻshma loyihalar muhokama qilindi.
Ummon tomoniga mamlakat Investitsiya agentligi prezidenti Abdussalam al-Murshidi boshchilik qildi. Uchrashuvda, shuningdek, Ummon Savdo-sanoat palatasi, SABCO Group, Voltamp Energy, Asyad Group, Zubair Corporation va UzOman rahbarlari ishtirok etdi.
Tadbirkorlarning ikki mamlakat oʻrtasida bevosita hamkorlik qilishi uchun tashkil etilayotgan Oʻzbekiston-Ummon ishbilarmonlar kengashining ahamiyati alohida taʼkidlandi. Takliflarni amalga oshirish uchun qoʻshma ishchi guruh tuziladi va u ish natijalarini har chorakda taqdim etib boradi.



