Oʻzbekiston sunʼiy intellektni rivojlantirish uchun hisoblash quvvatlarini oshiradi
Oʻzbekiston 2027-yilda quvvati 7 ekzaflopsdan yuqori boʻlgan hisoblash klasterini ishga tushirishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Raqamli texnologiyalar vazirligi maʼlum qildi.

2027-yilda Oʻzbekistonda sunʼiy intellekt uchun quvvati 7 ekzaflopsdan yuqori boʻlgan hisoblash klasterini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Bu maʼlumotlarni Raqamli texnologiyalar vazirligi Qonunchilik palatasining 24-noyabr kuni boʻlib oʻtgan yigʻilishi yakunlari boʻyicha keltirdi. Yigʻilishda raqamli texnologiyalar vaziri Sherzod Shermatov soʻzga chiqdi. U deputatlarga 2030-yilgacha sunʼiy intellektni rivojlantirish strategiyasi qanday amalga oshirilayotgani haqida hisobot berdi.
Hozirgacha ancha ishlar amalga oshirildi. Iyul oyida «Elektron hukumat» maʼlumotlar markazida yangi hisoblash infratuzilmasi ishga tushirildi, tibbiyot sohasi uchun esa alohida kichik klaster yoʻlga qoʻyildi. Tiklanish va taraqqiyot jamgʻarmasi davlat boshqaruvi, sogʻliqni saqlash, taʼlim, xavfsizlik, qishloq xoʻjaligi va ekologiya sohalaridagi 100 dan ortiq sunʼiy intellekt loyihasini moliyalashtirmoqda. «Oʻzbek tili korpusi» shakllantirildi — unda 6,5 mln hujjat, 6,1 mlrd soʻz va 20 mlrd token bor.
aileaders.uz platformasida «Sunʼiy intellekt boʻyicha besh million yetakchi» dasturi doirasida 1,6 mln dan ortiq yosh sertifikat oldi. Joriy oʻquv yilidan boshlab maktablar va oliy taʼlim muassasalarida sunʼiy intellekt boʻyicha oʻnta qoʻllanma asosida taʼlim berilmoqda, universitetlarda esa uchta ixtisoslashgan laboratoriya ochildi.
Hozir IT Parkda sunʼiy intellekt sohasida faoliyat yuritadigan 240 nafar rezident bor. Ularning xizmatlari hajmi 895 mlrd soʻmga, eksporti esa $75 mln ga yetdi. Oxford Insights kompaniyasining hukumatlarning sunʼiy intellektga tayyorgarlik indeksi reytingida Oʻzbekiston sakkiz pogʻonaga koʻtarilib, 195 davlat orasida 62-oʻrinni egalladi. Iyul oyida mamlakat sunʼiy intellekt sohasida hamkorlik boʻyicha Butunjahon tashkilotining (WAICO) 29 ta taʼsischi davlati qatoriga kirdi.
Yana oʻqing

Anthropic rahbari AIga insoniyatni boshqarishni topshirish gʻoyasini rad etdi
Texnologiyalar12:17
Ilon Maskning AI uchun millionta sunʼiy yoʻldosh uchirish rejasi maʼqullandi
Texnologiyalar10:15
