Surxondaryo viloyatida qishga gaz va koʻmir yetkazib berish xavfsizligi tekshirildi
Surxondaryo viloyatida qish oldidan suyultirilgan gaz va koʻmirni saqlash hamda yetkazib berish tekshirildi. Masʼullarga kamchiliklarni bartaraf etib, aholini uzluksiz taʼminlash topshirildi.

Surxondaryo viloyatida suyultirilgan gaz va koʻmir mahsulotlarini qabul qilish, saqlash, hisobga olish va tashish, shuningdek, ularni aholiga yetkazib berish qanday tashkil etilgani oʻrganildi. Tekshiruvni IIV Jazoni ijro etish departamenti boshligʻining maʼnaviy-maʼrifiy ishlar boʻyicha oʻrinbosari Abduvohid Immaminov hamda viloyat IIB boshligʻining oʻrinbosari — Jamoat xavfsizligi xizmati boshligʻi Jurabek Avazov oʻtkazdi.
Obyektlarda rezervuarlar, gaz ballonlari va ularni saqlash joylari koʻzdan kechirildi, gazni toʻldirish va taqsimlash qoidalariga rioya etilishi tekshirildi. Shuningdek, koʻmir omborlarining holati, mavjud zaxiralar, saqlash sharoitlari va mahsulotni isteʼmolchilarga oʻz vaqtida yetkazish masalalari baholandi.
Koʻrik davomida yongʻin va portlash xavfsizligi, mehnatni muhofaza qilish hamda sanitariya talablariga rioya etilishi ham tekshirildi. Mutaxassislar yongʻin oʻchirish vositalari va ogohlantirish tizimlarining sozligini, favqulodda vaziyatlarga javob berishga tayyorgarlikni hamda yuk tashuvchi transportning texnik holatini baholadi.
Masʼul rahbarlar va xodimlar bilan uchrashuvlar oʻtkazildi. Ularga zaxiralarni aniq hisobga olish, yoqilgʻining oʻgʻirlanishi va noqonuniy sarflanishining oldini olish, gaz ballonlarining sozligini nazorat qilish, mahsulotni tashish, saqlash va taqsimlash qoidalariga rioya etish topshirildi.
Masʼul shaxslarga yongʻin texnikasi va oʻchirish vositalarining shayligini taʼminlash, favqulodda vaziyatlarga tezkor munosabat bildirish hamda kamchiliklarni eng qisqa muddatlarda bartaraf etish vazifalari ham yuklatildi. Qish mavsumida aholini suyultirilgan gaz va koʻmir bilan uzluksiz hamda qonuniy taʼminlash ustuvor vazifa etib belgilandi.



