«Oʻztoʻqimachiliksanoat» va BCI barqaror paxta yetishtirish dasturini kengaytiradi
«Oʻztoʻqimachiliksanoat» va Better Cotton Initiative (BCI) Oʻzbekistonda barqaror paxta yetishtirish dasturini kengaytirishni davom ettiradi. Bu haqda assotsiatsiya maʼlum qildi.

Masalani «Oʻztoʻqimachiliksanoat» raisi Muhammadjon Jumaniyazov, BCI operatsion direktori Lena Staafgord hamda tashkilotning Oʻzbekistondagi mamlakat boʻyicha menejeri E. Gorbunova muhokama qildi. Uchrashuv ishtirokchilari dasturga yangi paxta-toʻqimachilik klasterlarini jalb etish va unda qatnashuvchilar sonini koʻpaytirish imkoniyatlarini koʻrib chiqdi.
Tomonlar, shuningdek, qoʻshilgan qiymati yuqori boʻlgan toʻqimachilik mahsulotlarini ishlab chiqarish va eksportni, jumladan, Yevropaga eksportni oshirish masalalarini muhokama qildi. Muzokaralar yakunida ular klasterlarni tanlab olishni davom ettirish, dasturni kengaytirish va uning mamlakatdagi samarali faoliyatiga koʻmaklashishga kelishib oldi.
BCI tashabbusi barqaror paxtachilikni rivojlantirishga qaratilgan boʻlib, mehnat sharoitlarini yaxshilash, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy etish va mahsulotni xalqaro bozorlar talablariga muvofiqlashtirish choralarini oʻz ichiga oladi.



