Oʻzbekiston U17 terma jamoasi Yamaykani magʻlub etib, guruhdan chiqish imkoniyatini saqlab qoldi
Oʻzbekiston U17 terma jamoasi Qatardagi jahon chempionatining ikkinchi turida Yamaykani 6:2 hisobida magʻlub etdi. 26 noyabr kuni jamoa Italiya bilan oʻynaydi.

E guruhidagi uchrashuvda oʻzbekistonliklar ikki marta hisobda ortda qolishdi, biroq yakunda yirik gʻalabaga erishishdi. Jamoa safida 17 yoshli Suxrob Sadirjonov xet-trik qayd etdi.
Bosh murabbiy Sergey Chegodayev shogirdlari uch ochko jamgʻarib, guruhdan chiqish imkoniyatini saqlab qoldi. Birinchi turda Oʻzbekiston terma jamoasi Kot-dʼIvuarga 1:2 hisobida yutqazgan edi. Guruh bosqichining Italiyaga qarshi soʻnggi uchrashuvi 26 noyabr kuni soat 19:00 da boshlanadi.
17 yoshgacha boʻlgan futbolchilar oʻrtasidagi jahon chempionati Qatarda 19 noyabrdan 13 dekabrgacha davom etadi. Turnirda 12 guruhga boʻlingan 48 ta terma jamoa qatnashmoqda. 1/16 finalga har bir guruhdan ikkitadan eng yaxshi jamoa, shuningdek, uchinchi oʻrinlarni egallagan sakkizta eng yaxshi terma jamoa chiqadi.
Uchrashuvlarning aksariyati Dohadagi Aspire Zone sport majmuasi maydonlarida oʻtkazilmoqda. Final 13 dekabr kuni «Ahmad bin Ali» stadionida boʻlib oʻtadi. Oʻzbekistonda turnir oʻyinlari televideniyeda namoyish etilmaydi — ularni faqat internet orqali FIFA+ platformasida tomosha qilish mumkin.
Yana oʻqing

«Qabulda bunday oʻyinni faqat Jokovich koʻrsatgan»: Roddik — Karlos Alkaras haqida
Sport26-noyabr, 19:34
Boston bosh murabbiyi NBAning 11 karra chempioni Fil Jekson natijasini takrorladi
Sport26-noyabr, 19:33
