OAV: Anthropic — sunʼiy intellekt rivoji uchun mezon
Anthropic Nasdaqdagi savdolarning birinchi kunini $1,27 trln baho bilan yakunladi, boshqa hisob-kitobga koʻra esa kompaniya qiymati $1,76 trln boʻldi. IPO kompaniyani sunʼiy intellekt iqtisodiyoti uchun mezonga aylantirdi.

Anthropic Nasdaqda ilk bor ommaviy kompaniya sifatida savdoga chiqdi. Aksiyalar dastlab kompaniya qiymatini $2 trlndan oshirgan darajagacha koʻtarildi, keyin pasaydi va savdolarni qariyb 17 foiz oʻsish bilan yakunladi. Savdolar yopilganda kompaniya qiymati hisoblash usuliga qarab $1,27 trln yoki $1,76 trlnni tashkil etdi.
IPOdan soʻng Anthropicning biznes modeli ommaga ochiq boʻldi. U Claude Codeʼdan foydalanish, obunalar va korporativ mijozlar bilan tuziladigan bitimlarni oʻz ichiga oladi. Endi bozor modellar soʻrovlarini bajarish xarajatlari, kapital samaradorligi va alohida yoʻnalishlar iqtisodiyotini baholashi mumkin.
Low-code dasturlash platformasi OutSystems bosh direktori Vudson Martinning aytishicha, aksiyalarni birlamchi joylashtirish startaplarga qoʻyiladigan talablarni oshiradi: investorlar barqaror raqobat ustunliklari va kichik kompaniyalarning iqtisodiy samaradorligini tasdiqlovchi dalillarni talab qiladi.
Lightspeed hammuassisi va boshqaruvchi direktori Ravi Mhatre kompaniyaning birjaga chiqishini sunʼiy intellektning ulgʻayish bosqichi deb atadi. Uning soʻzlariga koʻra, ommaviy kompaniyalar standartlari asosida ishlash koʻproq shaffoflikni va jamiyatning manfaatdor tomon sifatida ishtirok etishini nazarda tutadi. Eclipse venchur kompaniyasi hamkori Jo Fat Anthropicni sunʼiy intellekt ekotizimining muhim indikatori deb hisoblaydi: uning fikricha, muvaffaqiyatli savdolar ushbu sektorga qiziqishni qoʻllab-quvvatlaydi.



