XVJ imtiyozli kreditlashni Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun xavf deb biladi
XVJ direktiv va imtiyozli kreditlashni kengaytirish bosimini Oʻzbekiston iqtisodiyoti uchun ichki xavf deb biladi. Alohida tadqiqotni XVJ 2027-yilda eʼlon qilishni rejalashtirmoqda.

Bu haqda Toshkentda, Markaziy bankda oʻtkazilgan mintaqaviy iqtisodiy prognoz taqdimotida XVJning Oʻzbekistondagi doimiy vakili Koba Gvenetadze maʼlum qildi.
U ichki xavflar qatoriga daromadlar, jumladan oltin tushumlari boʻyicha reja oshirib bajarilgan taqdirda davlat xarajatlari koʻpayishi mumkinligini ham kiritdi. Tashqi omillar sifatida jahon iqtisodiyotidagi noaniqlik, geosiyosiy vaziyat va xomashyo narxlarining tebranishi qayd etildi.
XVJ Oʻzbekiston iqtisodiy siyosatiga oid ikkita tadqiqot tayyorlamoqda: biri foiz stavkalariga, ikkinchisi direktiv kreditlash amaliyotiga bagʻishlanadi. Gvenetadzening aytishicha, har ikki ish natijalarini 2027-yilda eʼlon qilish rejalashtirilgan.
Direktiv kreditlash davlat qarorlari asosida imtiyozli shartlarda kredit berishni anglatadi. Bunday kreditlar stavkasi qarz mablagʻlarining bozor qiymatini aks ettirmasa, Markaziy bankning asosiy stavka boʻyicha qarorlari iqtisodiyotdagi kreditlar qiymatiga kamroq taʼsir qiladi.
Oʻzbekiston ushbu mexanizmni kuchaytirish ustida ishlashda davom etmoqda. Asosiy stavka 2025-yil martidan beri 14% darajasida saqlanmoqda. XVJ, shuningdek, kichik va sayoz kredit bozorlari kelgusidagi tashqi shoklarning inflyatsiyaga taʼsirini kuchaytirishi mumkin, deb hisoblaydi.



