Juma, 27-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

YeOTB 2027-yilda Oʻzbekistonga $500 mln investitsiya kiritmoqchi

YeOTB 2027-yilda Oʻzbekistondagi loyihalarga kamida $500 mln kiritmoqchi. Bankning mamlakatdagi investitsiyalari 2031-yilgacha $3 mlrdga yetishi mumkin.

25-noyabr, 21:56По-русски

Read in English

Toshkentda Yevroosiyo taraqqiyot banki (YeOTB) boshqaruvi raisi Nikolay Podguzov va Oʻzbekiston bosh vaziri oʻrinbosari Jamshid Xoʻjayev bankning investitsiya rejalari hamda 2027–2031-yillarga moʻljallangan strategiyasini muhokama qildi.

Podguzovning aytishicha, YeOTB Oʻzbekistonda 10 ta istiqbolli loyihani oʻrganmoqda. Bank, shuningdek, davlatning bevosita qarz yukini oshirmaydigan, YeOTB boshqaruvi raisi taʼkidlaganidek, suveren boʻlmagan moliyalashtirish vositalari orqali xususiy va xalqaro kapitalni jalb qilish imkoniyatini koʻrib chiqmoqda.

Tomonlar transport-logistika infratuzilmasi, suv-energetika barqarorligi, sanoat va ishlab chiqarish kooperatsiyasini ustuvor yoʻnalishlar sifatida belgiladi. Yoʻnalishlar roʻyxatiga raqamlashtirish va moliyaviy vositalarni kengaytirish ham kiritildi.

Soʻnggi yoʻnalish doirasida kichik va oʻrta biznesni qoʻllab-quvvatlash, shuningdek, eksport, yashil va islomiy moliyalashtirishni rivojlantirish rejalashtirilmoqda. Uchrashuv ishtirokchilari davlat kompaniyalari va xususiy investorlar bilan hamkorlikni, jumladan, loyihaviy moliyalashtirish va sindikatlashtirilgan kreditlashni ham alohida koʻrib chiqdi.

Oʻzbekiston 2025-yilda YeOTBga qoʻshildi va bank kapitalida 10 foiz ulush oldi. 2026-yil may oyida YeOTB Toshkentda vakolatxonasini ochib, mamlakatdagi operatsion faoliyatini boshladi.