«Raqobat boʻlishi kerak»: prezident Oʻzbekiston hududlarida Migros supermarketlarini rivojlantirishni taklif qildi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Turkiyaning Anadolu Group xoldingiga Samarqand va Xorazm viloyatlarida Migros supermarketlari tarmogʻini rivojlantirishni taklif qildi.

Bu voqea 19 noyabr kuni Oʻzbekiston-Turkiya biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Oliy darajadagi kengashining birinchi yigʻilishida yuz berdi, deb xabar beradi «Gazeta».
Anadolu Group rahbari Tunjay Ozilxan xolding Migros bilan yangi loyihalarni amalga oshirishdan manfaatdor ekanini aytdi. Mirziyoyev ikki viloyat hokimlariga investor bilan birgalikda yoʻl xaritasini ishlab chiqish va shartnomalarni imzolashni topshirdi. Keyinchalik bu tajribani boshqa hududlarga ham yoyish rejalashtirilmoqda. Prezident, shuningdek, boʻsh turgan binolarni investorlarga berishni taklif qilib, tovarlar va xizmatlar sifati oshishi uchun bozorda raqobat boʻlishi kerakligini taʼkidladi. Binolarni taqdim etish shartlari va moliyalashtirish mexanizmi hozircha oshkor qilinmagan.
Xorazm Turkiyadan ishchi guruh kelishiga allaqachon kelishib oldi. Samarqandda esa avvalroq turkiyalik investorlar bilan elektrobuslar ishlab chiqarish va qogʻoz fabrikasini kengaytirish masalalari muhokama qilingan.
Migros — Turkiyaning eng yirik chakana savdo tarmoqlaridan biri boʻlib, uning 3800 dan ortiq doʻkoni bor. 2026 yilning toʻqqiz oyida kompaniya daromadi qariyb 8,1 mlrd dollarni tashkil etdi. Hozir Migrosning xorijda chakana savdo tarmoqlari yoʻq: kompaniya avvalroq Qozogʻiston va Shimoliy Makedoniyadan chiqib ketgan.
Oʻzbekistonda oziq-ovqat chakana savdosi bozorida Korzinka, Havas, Olma, Makro va boshqa tarmoqlar faoliyat yuritadi. Anadolu Group toʻrt yil ichida mamlakat iqtisodiyotiga qariyb 640 mln dollar sarmoya kiritdi. Xoldingga Coca-Cola İçecekʼning beshta zavodi tegishli, uning shoʻba kompaniyasi Anadolu Isuzu esa SamAutoʻning nazorat paketiga egalik qiladi.



