Amazonʼning Ring brendi 250 dollarlik uchuvchi kamera va 1000 dollarlik qoʻriqchi robotni chiqaradi
Amazonʼga tegishli Ring brendi Robotics nomli yangi yoʻnalishni ishga tushirdi. Uning dastlabki mahsulotlari xonada mustaqil harakatlanadigan ikkita kamera boʻldi: 249,99 dollarlik Ring Drone Cam droni va 999,99 dollarlik Rover Cam roboti.

Ring uchuvchi kamerasini ilk bor 2020 yilda namoyish qilgan, biroq u sotuvga chiqmay qolgan edi. Endi dron yanvar oyida sotuvga chiqariladi. Bu uy uchun kuzatuv kamerasi: kerak boʻlmaganda dron dok-stansiyada turadi va xalaqit bermaydi, zarurat tugʻilganda esa xonalarni aylanib chiqadi. Parvoz yoʻnalishlarini jadval asosida sozlash mumkin. Ring tizimida sensor ishga tushsa, dron nima boʻlganini tekshirish uchun oʻzi uchib chiqadi. Kamera faqat parvoz paytida yoqiladi. Kompaniya dron ataylab koʻzga tashlanadigan va shovqinsiz boʻlmagan qilib yaratilganini taʼkidlamoqda: uni koʻrish ham, eshitish ham kerak.
Ikkinchi qurilma — Rover Cam — Amazonʼning Astro uy roboti negizida yaratilgan. U xonada gʻildiraklari yordamida harakatlanadi, belgilangan jadval boʻyicha patrul qiladi va ishga tushgan sensorlarni ham mustaqil tekshiradi. Robotda videoni 4K formatida uzluksiz yozib boradigan surilma kamera, ikki tomonlama audioaloqa va begona shaxslarni qoʻrqitish uchun oʻrnatilgan sirena bor.
Rover Cam, avvalo, biznes uchun moʻljallangan. Oldindan buyurtma berish allaqachon boshlangan, sotuvlar esa 16 dekabrda start oladi.
Yana oʻqing

Anthropic rahbari AIga insoniyatni boshqarishni topshirish gʻoyasini rad etdi
Texnologiyalar12:17
Ilon Maskning AI uchun millionta sunʼiy yoʻldosh uchirish rejasi maʼqullandi
Texnologiyalar10:15
