Katta yutuq: tahlilchilar GTA VI ilk dam olish kunlari sotuvini baholadi
Alinea Analytics hisobicha, GTA VI ilk toʻrt kunda 44,9 mln nusxada sotilib, $4 mlrd.dan ortiq tushum keltirdi; chakana savdodagi sotilmagan zaxiralar hisobga olinmadi.

23 noyabr holatiga koʻra, PS5 ulushiga 33,7 mln sotilgan nusxa, Xboxʼga esa yana 11,2 mln nusxa toʻgʻri kelgan. Tahlilchilar hisobicha, GTA VI ikki platformaning har birida oʻrnatilgan bazaning taxminan 30 foizini qamrab olgan. $3 mlrd.dan ortiq tushumni PS5 versiyasi taʼminlagan.
22 noyabr kuni oʻyinga taxminan 40,8 mln kishi kirgan, ularning 76 foizi PS5’dan foydalangan. Ushbu konsol versiyasi eng koʻp xarid qilingan mamlakatlar orasida AQSh yetakchi boʻlgan — 11,1 mln nusxa, yaʼni PS5 savdosining 32,8 foizi. Keyingi oʻrinlarda Fransiya — 3 mln, Buyuk Britaniya — 2,5 mln, Germaniya — 1,7 mln va Xitoy — 1,6 mln nusxa bilan qayd etilgan.
Reliz boshqa servis oʻyinlarining kunlik auditoriyasiga ham taʼsir koʻrsatdi. Call of Duty oʻyinchilari 42 foizga kamaydi: koʻrsatkich 7,5 mln dan 4,4 mln gacha tushib, toʻrt kundan keyin ham odatdagi darajadan 41 foiz past boʻlib qoldi. Fortnite auditoriyasi 28 foizga qisqardi — 17,8 mln dan 12,8 mln gacha, biroq dam olish kunlari oxiriga kelib bazaviy darajadan farq 19 foizgacha kamaydi. EA Sports FC 27 ning kunlik oʻyinchilari 27 foizga kamayib, 5,9 mln dan 4,3 mln gacha tushdi, keyin esa bazaviy darajadan 20 foizdan kam past darajagacha tiklandi.



