Google DeepMind hujayralardagi mutatsiyalarni tahlil qilish uchun AlphaGenome 2’ni taqdim etdi
Google DeepMind mutatsiyalarning turli hujayra turlariga taʼsirini baholash uchun AlphaGenome 2’ni taqdim etdi. Model immun hujayralarida sababchi variantlarning 30 foizini aniqladi, avvalgi versiyada esa bu koʻrsatkich 16 foiz edi.

Organizmdagi barcha hujayralarda DNK deyarli bir xil, ammo turli hujayralar uning har xil qismlaridan foydalanadi. Shu sababli bir xil mutatsiyaning oqibatlari hujayra turiga bogʻliq boʻladi. Birinchi AlphaGenome bir vaqtning oʻzida koʻplab toʻqimalar uchun prognozlar tuzgan va bir-biriga yaqin hujayra turlarini yomon farqlagan. Yangi model DNK ketma-ketligidan tashqari, hujayraning holati haqidagi maʼlumotlarni ham oladi va taʼsirlarni aynan shu holat uchun hisoblaydi. U inson va sichqonning 68 xil toʻqima turiga mansub 107 mln.dan ortiq hujayra profili asosida oʻqitilgan.
28 turdagi immun hujayralarini qamrab olgan TenK10K benchmarkida AlphaGenome 2 43 foiz holatda variant gen faoliyatini kuchaytiradimi yoki susaytiradimi — buni toʻgʻri aniqladi. Avvalgi versiyada bu koʻrsatkich 23 foizni tashkil etgan. Model, shuningdek, avval Nature jurnalida tasvirlangan ichakning yalligʻlanish kasalligi mexanizmini qayta koʻrsatdi. U ETS2 genining faolligini faqat ichak makrofaglarida kuchaytiradigan, boshqa hujayralarga esa deyarli taʼsir qilmaydigan DNK variantini topdi.
AlphaGenome 2 oʻzi oʻqitilmagan hujayra holatlari bilan ham ishlay oladi: buning uchun bir necha oʻnlab hujayra haqidagi maʼlumotlar kifoya. COVID-19 ga qarshi mRNK-vaksina haqidagi maʼlumotlar asosida model kasallikning ogʻir kechishi bilan bogʻliq variant T-hujayralari faoliyatini asosan ular faollashganidan keyin buzishini koʻrsatdi.
Model notijoriy tadqiqotlar uchun API orqali mavjud, tijoriy foydalanuvchilar esa undan yopiq sinov doirasida foydalanadi. U klinik diagnostika uchun moʻljallanmagan. Kelajakda DeepMind AlphaGenome 2’ni Google Antigravity platformasiga integratsiya qilishni rejalashtirmoqda. U yerda model Gemini 4 vositalari bilan birga ishlaydi.
Yana oʻqing

Anthropic rahbari AIga insoniyatni boshqarishni topshirish gʻoyasini rad etdi
Texnologiyalar12:17
Ilon Maskning AI uchun millionta sunʼiy yoʻldosh uchirish rejasi maʼqullandi
Texnologiyalar10:15
