Bishkekda Markaziy Osiyodagi qoʻshma sanoat loyihalari va investitsiyalar koʻrib chiqildi
Bishkekdagi forumda Oʻzbekiston sanoat kooperatsiyasi va investitsiyalar boʻyicha takliflarni ilgari surdi: mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarish hamda mintaqaviy loyihalarni qoʻllab-quvvatlash.

5-noyabr kuni Bishkekda Sanoatni rivojlantirish boʻyicha mintaqaviy forum boʻlib oʻtdi. Tadbirni Qirgʻiziston Iqtisodiyot va tijorat vazirligi hamda Birlashgan Millatlar Tashkilotining Sanoatni rivojlantirish tashkiloti (YuNIDO) oʻtkazdi.
Oʻzbekistonning sanoatni barqaror rivojlantirish borasidagi pozitsiyasini yalpi majlisda elchi Saidikram Niyozxoʻjayev bayon qildi. U mamlakatlar oʻrtasidagi savdodan yuqori qoʻshilgan qiymatga ega mahsulotlarni birgalikda ishlab chiqarishga oʻtish muhimligini taʼkidladi. Bunda saʼy-harakatlar «olti iqtisodiyot — bir mahsulot» formulasi asosida birlashtiriladi.
Takliflar qatoridan Sanoat kooperatsiyasi xaritasini tayyorlash, umumiy investitsiya tashabbuslarini moliyaviy va texnik jihatdan qoʻllab-quvvatlash platformasini ishga tushirish, shuningdek, «Turkiy dunyo — 100» dasturi doirasida 100 ta strategik loyihani amalga oshirish oʻrin oldi.
Ishtirokchilar Oʻzbekistonning Qirgʻiziston bilan hamkorligini ham alohida koʻrib chiqdilar. 2025-yilda mamlakatlar oʻrtasidagi savdo hajmi 1,2 milliard dollardan oshdi. Bundan tashqari, kelishuvlarda umumiy qiymati 540,6 million dollar boʻlgan 52 ta qoʻshma investitsiya loyihasi nazarda tutilgan.
Ustuvor yoʻnalishlar qatoriga avtomobil komponentlari va elektrotexnika buyumlarini ishlab chiqarish, paxta, jun va terini qayta ishlash, agrosanoat majmuasidagi hamkorlik, farmatsevtika hamda qurilish materiallari ishlab chiqarish kiritildi. Oʻzbekiston YuNIDO bilan korxonalarni texnologik yangilash, xalqaro sifat standartlarini joriy etish va mutaxassislar tayyorlash boʻyicha hamkorlik qilishdan manfaatdor ekanini bildirdi.



