Yevropada gaz narxlari bir yilda 163 foizga oshdi
Oktyabrda Yevropada gaz narxlari toʻrt yillik maksimumga yetdi: TTF fyucherslari oy davomida 12 foizga, yil davomida 163 foizga oshdi.

Oʻsish isitish mavsumi arafasida, Yevropa gaz bozori balansi keskinlashgan paytda yuz berdi. TTFning oʻrtacha spot narxi 1 million Britaniya issiqlik birligi uchun 28,63 dollarni tashkil etdi — bu bir yil ichida 163 foizga oʻsishdir. Gaz eksport qiluvchi mamlakatlar forumi (GECF) narxlarning sakrashini Ormuz boʻgʻozi orqali suyultirilgan tabiiy gaz tranziti atrofidagi noaniqlik, Norvegiyadagi rejadan tashqari toʻxtashlar va Yevropa omborlaridagi zaxiralar pastligi bilan bogʻladi.
23 noyabr holatiga koʻra, Yevropa Ittifoqi omborlari 68,9 foizga toʻldirilgan, besh yillik oʻrtacha koʻrsatkich esa 89 foiz edi, deya xabar berdi Gas Infrastructure Europe. Yuqori narxlar va zaxira jamgʻarishni ragʻbatlantirmagan fyuchers bozori tuzilmasi sabab gaz olish boshlanguniga qadar kuzgi toʻldirish darajasi 75 foizdan oshmadi.
Noyabr boshidagi pasayishdan soʻng Yevropa benchmarklari shimoli-gʻarbiy va sharqiy Yevropadagi sovuq ob-havo sabab yana oʻsishni boshladi. Sovuq davr kamida bir hafta davom etishi va omborlardan gaz olishni tezlashtirishi kutilmoqda. GECF ogohlantirdi: taʼminotdagi uzoq davom etadigan cheklovlar meʼyordan sovuq ob-havo bilan birga narxlarga bosimni kuchaytirishi mumkin.



