Juma, 27-noyabr 2026-yil
Siyosat

Oʻzbekistonda deputat soʻrovlarining 40 foiziga kechikib javob berildi, jazo kuchaytiriladi

Qonunchilik palatasi 17 noyabrda deputat soʻrovlari ustidan nazoratni kuchaytirish haqidagi qonun loyihasini qabul qilib, Senatga yubordi. Takroriy buzilishlar uchun mansabdorlar jarimasi oshirilishi mumkin.

19-noyabr, 12:14По-русски

Read in English

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi 17 noyabr kuni hujjatni yalpi majlisda birdaniga uch oʻqishda maʼqulladi. Qonun loyihasini Korrupsiyaga qarshi kurashish hamda sud-huquq masalalari qoʻmitasi aʼzosi Aziza Aminova taqdim etdi.

Uning aytishicha, 2025 yilda deputatlar 160 ta soʻrov yuborgan. Ularning 60 foiziga belgilangan muddatda, qolganlariga esa kechikib javob berilgan. Javoblarning 65 foizi soʻrov yoʻllangan idoralarning birinchi rahbarlaridan emas, ularning oʻrinbosarlari yoki quyi boʻlinma rahbarlaridan kelgan.

Tuzatishlar palatalar apparatlariga muddatlar yoki soʻrovlarni koʻrib chiqishning boshqa talablari buzilganda Bosh prokuraturaga taqdimnoma yuborish imkonini beradi. Aybdorlarni maʼmuriy javobgarlikka tortish uchun sudga murojaat qilish huquqi qonunchilikda allaqachon belgilangan.

Maʼmuriy jazo qoʻllanganidan keyin bir yil ichida takroran buzilgan taqdirda, mansabdor shaxslar uchun jarima 7–15 BHM boʻladi. Hozir soʻrovni koʻrib chiqmaslik, javobni asossiz kechiktirish yoki ishonchsiz maʼlumot berish uchun 3–7 BHM jarima belgilangan.

Amaldagi qoidalarga koʻra, deputat soʻroviga yozma javob boshqa muddat belgilanmagan boʻlsa, 10 kun ichida berilishi kerak. Hujjat Senat tomonidan maʼqullanib, prezident imzolaganidan soʻng kuchga kiradi.