Juma, 27-noyabr 2026-yil
Texnologiyalar

Satya Nadella dasturiy taʼminot muhandislarini AI bilan amaliy tajriba orttirishga chaqirdi

Microsoft bosh direktori Satya Nadella faoliyatini boshlayotgan muhandislarga AI yordamida dastur yaratadigan jamoalarda amaliy tajriba orttirishni tavsiya qildi.

17-noyabr, 16:24По-русски

Read in English

businessinsider.com

Dushanba kuni eʼlon qilingan The Pragmatic Engineer podkasti epizodida Nadella faoliyatini boshlayotgan mutaxassislar uchun AI bilan amaliy ishlash eng yaxshi taʼlim usuli ekanini aytdi. Uningcha, bunday jamoalarda ishtirok etish tajribasi texnologik shov-shuv haqidagi doimiy muhokamalardan muhimroq.

Maslahat dasturiy taʼminot ishlab chiqish sohasida ishga yollashning notekis tiklanishi fonida yangradi. Indeed maʼlumotiga koʻra, 2026 yilning birinchi choragida AQShdagi dasturchilar vakansiyalarining 69,3 foizi senior darajasidagi mutaxassislarga moʻljallangan. 2019 yil boshida bu ulush 54,5 foiz edi.

Nadella kompaniyalar kichik darajadagi xodimlarga ishlab chiqishning yangi usullarini oʻrganish uchun koʻproq imkoniyat yaratishi kerakligini aytdi. Microsoft yaqinda Carnegie Mellon University bilan hamkorlikda PRAISE — Preceptorship for AI-accelerated Software Engineering dasturini ishga tushirdi. U faoliyatini boshlayotgan muhandislarni tajribali mentorlar bilan birlashtirib, AI yordamida dasturiy taʼminot ishlab chiqishni oʻrganishga yordam beradi.

Nadellaning aytishicha, kod generatsiyasi qulaylashgan, ammo natijani tekshirish qiyinlashgan. U murakkab dasturiy loyihalarni boshqarish uchun yangi amaliy bilimlar majmuasi shakllanayotganini, biroq dasturiy taʼminot muhandislari hanuz zarurligini qoʻshimcha qildi.