Yevropa kengashi rahbari Gʻarbiy Bolqon uchun YIga kirish shartlarini aytdi
Yevropa kengashi raisi Antoniu Koshta Gʻarbiy Bolqon mamlakatlariga YIga qoʻshilish uchun islohotlar, hamkorlik, yarashuv va yaxshi qoʻshnichilik zarurligini aytdi.

Koshtaning aytishicha, mintaqa ikki tomonlama muammolarni hal qilishda davom etishi va oʻtmish bilan bogʻliq kelishmovchiliklarni bartaraf etishi kerak. Bu mamlakatlarga taraqqiyotga erishish va Yevropa Ittifoqining boʻlajak aʼzolari zimmasidagi majburiyatlarni qabul qilish imkonini beradi.
U Chernogoriya va Albaniyani misol qilib keltirdi. Bu yil YI Chernogoriyaning qoʻshilish toʻgʻrisidagi shartnomasini tayyorlashni boshladi — bunday qadam oʻn yildan ortiq vaqt davomida tashlanmagandi. Albaniya esa muzokara boblarini yopishga kirishdi.
Yevropa kengashi rahbari Gʻarbiy Bolqondagi boshqa hamkorlar ham faol ishlashga tayyor boʻlsa, aʼzolik sari ilgarilashi mumkinligini taʼkidladi. U YIning kengayish boʻyicha yondashuvini yarashuv va tinchlik bilan bogʻladi — ittifoqning oʻzi ham shu asosda tuzilgan.



