Oʻzbekiston tibbiy xizmatlarga xususiy biznesni jalb qilmoqda
Prezident qarori davlat tibbiyot muassasalariga xizmatlarni xususiy kompaniyalardan autsorsing asosida xarid qilish imkonini beradi; yangi tartib 2027 yildan amal qiladi.

Oʻzbekistonda 2026 yil 4 noyabr kuni xususiy sektorning sogʻliqni saqlashdagi rolini kengaytirishga qaratilgan Prezidentning PQ-392-son qarori kuchga kirdi. Kompaniyalarni jalb etish tibbiy xizmatlarga boʻlgan ehtiyoj hamda uzoq va qisqa muddatli master-rejalar asosida belgilanadi.
2030 yilgacha autsorsing orqali xususiy biznesdan xarid qilinadigan klinik va yordamchi xizmatlar ulushini 30 foizgacha oshirish rejalashtirilmoqda. Shuningdek, davlat xususiy investitsiyalar va xorijiy boshqaruv kompaniyalarini jalb etishni, davlat-xususiy sheriklik mexanizmlarini esa kamida beshta yirik tibbiyot tashkilotida qoʻllashni koʻzlamoqda.
2027 yil 1 yanvardan tibbiyot muassasalari xususiy kompaniyalardan xizmat xarid qilishning yangi tartibiga oʻtadi. Shartnomalar muddati xizmat xususiyati va investitsiya hajmiga bogʻliq boʻladi: odatda ular koʻpi bilan besh yilga, ayrim hollarda esa 10 yilgacha tuziladi. Yangi qoidalar joriy etilishidan oldin muddati tugaydigan shartnomalarga ega autsorsing loyihalari 2027 yil oxirigacha saqlab qolinishi mumkin.
2027 yil 1 aprelgacha «Tibbiy autsorsing» elektron tizimini ishga tushirish rejalashtirilgan. U loyihalarni roʻyxatdan oʻtkazish, hisobga olish va ijrosini nazorat qilish uchun moʻljallangan. Tibbiyot muassasalarini professional boshqaruv kompaniyalariga topshirish ochiq tanlov orqali amalga oshiriladi, ularning faoliyati samaradorligi esa har yili KPI asosida tekshiriladi.
Kafolatlangan tibbiy yordamni taʼminlaydigan muassasalar davlat tasarrufida qoladi. Sogʻliqni saqlash vazirligi har yili 1 noyabrgacha xususiy investitsiyalar va davlat-xususiy sheriklik uchun ustuvor loyihalar roʻyxatini tayyorlab, uni oʻz saytiga joylashtiradi.



