Juma, 27-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Markaziy Osiyo va Xitoy oʻrtasidagi yuk tashish hajmi 51 mln tonnaga yetdi

2025 yilda Markaziy Osiyo mamlakatlari va Xitoy oʻrtasida temir yoʻl hamda avtomobil yoʻllari orqali 51 mln tonna yuk tashildi.

20-noyabr, 13:45По-русски

Read in English

Bu maʼlumotlarni Yevrosiyo taraqqiyot banki yangi sharhida keltirgan. Tashilgan yuklarning qariyb 70 foizi (35,6 mln tonna) temir yoʻl transportiga toʻgʻri kelgan, qolgan qismi esa avtomobillarda tashilgan. 2026 yil yanvar–oktabr oylarida tashish hajmi yana 8 foizga oshdi.

Oʻsishni savdo taʼminlamoqda. 2020–2025 yillarda mintaqadagi besh mamlakatning Xitoy bilan tovar aylanmasi qariyb uch baravar oshib, 70 mlrd dollarga yaqinlashdi. Shu davrda Xitoyning Markaziy Osiyo tashqi savdosidagi ulushi 17–18 foizdan qariyb 30 foizgacha koʻpaydi. Oʻzbekistonning Xitoy bilan tovar aylanmasi 17,5 mlrd dollarni tashkil etdi.

Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston multimodal yoʻnalishi boʻyicha soʻnggi besh yilda tashilayotgan yuk hajmi 50 baravardan koʻproqqa oshdi: 33,7 ming tonnaga nisbatan 1,8 mln tonna. Umuman, avtomobil transportida yuk tashish temir yoʻl transportidagiga qaraganda tezroq oʻsmoqda. Bunga kichik biznes, avtomobil qatnovi boʻyicha yangi kelishuvlar va raqamli ruxsatnomalarga oʻtish yordam bermoqda. Zamonaviy omborlar yetishmasligi esa oʻsishni cheklamoqda.

Mintaqaning asosiy loyihasi — uzunligi 523 km boʻlgan Xitoy — Qirgʻiziston — Oʻzbekiston temir yoʻlidir. Uning yuk tashish salohiyati yiliga 20 mln tonnagacha boʻladi. Bank bahosiga koʻra, yangi liniya tufayli Oʻzbekistonning konteyner tashuvlari 2030 yilga kelib besh baravar oshib, 500 ming DFEgacha yetishi mumkin.