Salim al-Malik: ICESCO Mirziyoyev tashabbuslarini rejaga kiritmoqchi
ICESCO bosh direktori Salim al-Malik tashkilot Oʻzbekiston bilan ikki yillik harakatlar rejasini ishlab chiqayotgani va unga Shavkat Mirziyoyev tashabbuslarini kiritmoqchi ekanini aytdi.

13 noyabr kuni Turkiyaning Antaliya shahrida Islom olamining taʼlim, fan va madaniyat tashkiloti (ICESCO) bosh direktori Oʻzbekiston prezidenti 10–11 noyabr kunlari BMTning jahon yetakchilari ishtirokidagi iqlim sammitida qatnashgani yakunlarini izohladi.
Al-Malikning aytishicha, ICESCO Oʻzbekiston bilan birga kelgusi ikki yilga moʻljallangan harakatlar rejasini ishlab chiqmoqda. U Mirziyoyev sammitdagi nutqida ilgari surgan tashabbuslarni rejaga kiritishga erishmoqchi.
Bosh direktorning taʼkidlashicha, Oʻzbekiston va tashkilot oʻrtasidagi munosabatlar 2025-yildan beri yuqori darajada. Oʻsha yili Samarqand Islom olamining madaniyat poytaxti maqomini olgan. ICESCO, shuningdek, Islom sivilizatsiyasi markazida boʻlib oʻtgan Imom Buxoriy nomidagi xalqaro konferensiyada ham qatnashgan. Al-Malik ushbu markazni Islom olamining ramzi deb atagan.
U Oʻzbekiston tashabbuslari orasida ayniqsa Yashil universitet unga maʼqul kelganini aytdi. Al-Malikning soʻzlariga koʻra, Toshkent, Samarqand va Zaaminga safarlari davomida u mamlakat rahbariyatining iqlim oʻzgarishi va atrof-muhitni muhofaza qilish masalalari bilan shugʻullanishga tayyorligiga misollarni koʻrgan.
Shuningdek, u maktablar va universitetlar taʼlim muassasalarini koʻkalamzorlashtirishni Oʻzbekistonning asosiy kun tartibiga kiritishiga umid bildirdi.



