Tojikistonda elektr uzatish tayanchi qulashi Oʻzbekistonda uzilishlarga sabab boʻldi
19 noyabrdagi Tojikistondagi «L-503» liniyasi avariyasi Sirdaryo IESdan Fargʻona vodiysiga elektr uzatishni vaqtincha toʻxtatdi. Ayrim hududlarda cheklovlar joriy etildi.

Avariya 19 noyabr kuni soat 06:19 da Tojikiston hududidan oʻtuvchi 500 kV kuchlanishli liniyada yuz bergan. Oʻzbekiston Energetika vazirligining dastlabki maʼlumotiga koʻra, tepalik hududdagi noqulay ob-havo sabab tayanchlardan biri qulagan. Shundan soʻng avtomatik himoya ishga tushib, liniya orqali elektr uzatish vaqtincha toʻxtagan.
Hodisa joyiga «Oʻzbekiston milliy elektr tarmoqlari» rahbariyati boshchiligida mutaxassislar va avariya-tiklash brigadalari yuborilgan. Oqibatlarni bartaraf etish va liniyani tiklash ishlari Tojikistonning tegishli tashkilotlari bilan hamkorlikda olib borilmoqda.
Taʼmirlash yakunlanguniga qadar Fargʻona vodiysining ayrim hududlarida elektr taʼminotiga vaqtinchalik cheklovlar amal qiladi. Shu bilan birga, hudud boshqa liniyalar orqali ham elektr energiyasi bilan taʼminlanmoqda. Jumladan, Fargʻona viloyatiga Toshkent viloyatidagi Novo-Angren IESdan 500 kV kuchlanishli «L-524» liniyasi orqali elektr yetkazib berilmoqda. Vaziyat Energetika vazirligi nazoratida qolmoqda.



