Juma, 27-noyabr 2026-yil
Texnologiyalar

Qimmat litiy oʻrniga arzon rux: Xitoyda uzoq xizmat qiluvchi akkumulyator yaratildi

Gonkong shahar universiteti tadqiqotchilari rux akkumulyatori anodining barqarorligini 38 baravar oshirgan qoplama yaratdi. Prototip 350 sikldan keyin sigʻimining 90 foizini saqladi.

18-noyabr, 10:53По-русски

Read in English

ixbt.com

Rux akkumulyatorlarining xizmat muddati anod yemirilishi sabab qisqaradi: ishlash vaqtida uning yuzasida yoriqlar va boshqa shikastlanishlar paydo boʻladi. Olimlar bu jarayonni rentgen fotoelektron spektroskopiyasi yordamida oʻrganib, himoya plyonkasining tuzilishi oʻzgarishi va yorilishini aniqladi.

Professor Zhi Chunyi boshchiligidagi guruh anod yaqinidagi rux atomlarining yuqori konsentratsiyasi shikastlanishlar hosil boʻlishini sekinlashtirishini aniqladi. Shu sababli tadqiqotchilar himoya qoplamasidagi rux miqdorini oshirdi. Bu batareyaning elektrokimyoviy xususiyatlarini sezilarli darajada yomonlashtirmagan holda anod barqarorligini taxminan 38 baravar oshirish imkonini berdi.

Prototipning solishtirma energiya sigʻimi taxminan 274 Vt·soat/kg ni tashkil etadi. Ishlanma, jumladan, statsionar sanoat energiya toʻplagichlari uchun litiy tizimlariga nisbatan arzonroq va xavfsizroq boʻlishi mumkin boʻlgan muqobil variant sifatida koʻrilmoqda. Biroq texnologiya hozircha tadqiqot bosqichida: uning uzoq xizmat qilishi koʻproq sikllarda va real foydalanish sharoitlarida hali sinovdan oʻtkazilishi kerak.