Nukusda Telegram orqali qariyb 1 mlrd soʻmlik oʻgʻirlik aniqlandi
Nukusda huquqni muhofaza qiluvchi organlar Telegramdagi zararli APK-fayllar orqali bank kartalaridan qariyb 1 mlrd soʻmni oʻgʻirlash gumoni bilan tergov olib bormoqda. Gumondor qoʻlga olindi.

Oʻzbekiston Ichki ishlar vazirligi Kiberpolitsiyasi maʼlumotlariga koʻra, gumondorlar Telegram orqali APK-fayllarni tarqatib, fuqarolarning bank kartalaridagi pullarni oʻgʻirlagan boʻlishi mumkin. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, noqonuniy oʻzlashtirilgan mablagʻlar miqdori 1 mlrd soʻmga yaqinlashgan.
Pulni naqdlashtirish uchun sxema ishtirokchilari qimmat smartfonlarni sotib olib, qayta sotishgan. Mablagʻlarning bir qismini nomaʼlum shaxslarning onlayn mikroqarzlarini toʻlashga yoʻnaltirishgan, qolganini esa bukmekerlik akkauntlariga oʻtkazishgan. Fosh boʻlib qolmaslik uchun gumondorlar ijaraga olingan mobil telefonlarni muntazam almashtirib turgan.
Tekshiruv vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar yozishmalardan 162 ta bank kartasi haqidagi maʼlumotlarni aniqlagan. Shuningdek, uchta mobil qurilma va beshta bank kartasi olib qoʻyilgan.
Yopiq Telegram-guruhlarida «Sanjik» taxallusi bilan tanilgan erkak qoʻlga olindi. Sud gumondor D.ga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasini tanladi. Dastlabki tergov davom etmoqda.



