Juma, 27-noyabr 2026-yil
Texnologiyalar

SI mavjud boʻlmagan YHQ bandini oʻylab topishi mumkin: neyrotarmoq yordamida imtihonga qanday tayyorlanish kerak

Runet tahliliy nashrining bosh muharriri Vladimir Zikov SI xato qilishi, turli mamlakatlar qoidalarini aralashtirib yuborishi va mavjud boʻlmagan yoʻl harakati qoidalari bandlariga havola qilishi mumkinligidan ogohlantirdi.

24-noyabr, 13:02По-русски

Read in English

auto.mail.ru

Zikovning fikricha, yoʻl harakati qoidalari boʻyicha imtihonga tayyorlanishda neyrotarmoqqa toʻliq tayanib boʻlmaydi. SI notoʻgʻri javobni ishonarli tarzda tushuntirib berishi mumkin. Natijada oʻquvchi xatoni yodlab olib, uni amaldagi qoida deb qabul qiladi.

Buning sabablaridan biri — muhim farqlar mavjud boʻlsa-da, turli mamlakatlardagi yoʻl harakati qoidalarining bir-biriga oʻxshashligidir. AQShning ayrim shtatlarida toʻliq toʻxtagandan keyin, agar bunday manyovr alohida taqiqlanmagan boʻlsa, qizil chiroqda oʻngga burilishga ruxsat etiladi. Oʻzbekistonda esa ruxsat beruvchi signal boʻlmasa, bunday burilish taqiqlangan. Xorijiy materiallar asosida oʻqitilgan neyrotarmoqdan faqat Rossiya yoʻl harakati qoidalaridan foydalanish soʻralganidan keyin ham u turli davlatlar meʼyorlarini chalkashtirib yuborishi mumkin.

Bundan tashqari, qoidalar vaqti-vaqti bilan yangilanadi, SI esa eskirgan maʼlumotlarga tayanishi mumkin. Neyrotarmoq qoidalarda mavjud boʻlmagan bandni ham oʻylab topishi, amaldagi meʼyorni xato tarzda bayon qilishi yoki mavjud boʻlmagan bandning aniq raqamini aytishi mumkin. Bu esa javob rasmiy hujjat bilan tasdiqlangandek taassurot uygʻotadi.

Tayyorgarlik koʻrish uchun ekspert amaldagi imtihon biletlaridan foydalanishni tavsiya qiladi. Uning soʻzlariga koʻra, neyrotarmoq qoʻshimcha vosita boʻlishi mumkin: uning yordamida murakkab savolni sodda soʻzlar bilan tushuntirishni soʻrash, vaziyatni tahlil qilish yoki misollar keltirish mumkin.