Buxoro neftni qayta ishlash zavodini modernizatsiya qilishga texnologik kompaniyalar jalb qilinadi
Oʻzbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev Buxoro neftni qayta ishlash zavodi quvvatlarini kengaytirishga texnologik kompaniyalarni jalb etishni topshirdi. Loyiha uch yillik $28 mlrdlik rejaga kiradi.

4 noyabr kuni Buxoro viloyatini kompleks rivojlantirish masalalariga bagʻishlangan yigʻilish boʻlib oʻtdi. Mirziyoyev Buxoro neftni qayta ishlash zavodi quvvatlarini kengaytirishga nufuzli texnologik kompaniyalarni jalb etish va aniq natijaga erishishni topshirdi.
Viloyatning xomashyo, energetika va biznes salohiyatini birlashtirish hisobiga kelgusi uch yil ichida $28 mlrdlik loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda. Shundan $17 mlrd neft-gaz va kimyo sanoatiga toʻgʻri keladi. Kogon tumanida xomashyoni chuqur qayta ishlash uchun neft-kimyo ilmiy-sanoat klasterini tashkil etish taklif qilindi.
Energetika sohasida 2029 yil oxirigacha quvvati 3,1 GVt boʻlgan shamol elektr stansiyalari va 1 GVt quvvatli energiya saqlash obyektlarini ishga tushirish rejalashtirilmoqda. Elektr energiyasini uzatish va taqsimlash uchun 745 kilometr elektr uzatish liniyalarini qurish moʻljallangan.
Yigʻilishda, shuningdek, yengil sanoatni rivojlantirish, xususiy maktabgacha va maktab taʼlimini kengaytirish, texnikumlarning biznes bilan hamkorligi hamda viloyat tibbiy infratuzilmasini yangilash masalalari muhokama qilindi.



