Juma, 27-noyabr 2026-yil
Texnologiyalar

Samsung Galaxy S26 uchun One UI 9.5 beta-testini boshladi

Samsung olti mamlakatdagi Galaxy S26 egalari uchun One UI 9.5 beta-dasturini boshladi. Yangilanishda kamera sozlamalari, Samsung Health funksiyalari va App Lock paydo boʻldi.

19-noyabr, 17:05По-русски

Read in English

samsungmobilepress.com

Samsung AQSh, Buyuk Britaniya, Germaniya, Hindiston, Koreya va Polshadagi Galaxy S26 seriyasi qurilmalari uchun One UI 9.5 beta-dasturini ochdi. Unda qatnashish uchun Samsung Members ilovasi orqali ariza topshirish mumkin.

Sinov versiyasida Pro va Pro Video rejimlari takomillashtirildi: ular kamerani aniqroq sozlash imkonini beradi. Bu funksiyalar faqat mazkur rejimlarni qoʻllab-quvvatlaydigan modellarda mavjud; Pro Lite va Pro Video Lite bundan mustasno.

Samsung Health ilovasiga qaydlar yuritish uchun Mindful note, dori qabul qilishni eslatish va kuzatish uchun esa Medications funksiyasi qoʻshildi. Mindful note Galaxy Watchʼda qoʻllab-quvvatlanmaydi, Medications funksiyasining mavjudligi esa bozorga qarab farq qilishi mumkin. Xizmat tibbiy tavsiyalar bermaydi, davolanish boʻyicha qarorlar shifokorlar bilan maslahatlashgandan keyin qabul qilinishi kerak.

Boshqa oʻzgarishlar qatorida suzuvchi yorliqlar hamda bildirishnomalar paneli orqali eshitish apparatlarini boshqarishning yaxshilangani bor. App Lock alohida ilovalarni qoʻshimcha biometrik tekshiruv yoki PIN-kod bilan yashirish imkonini beradi.

One UI 9.5’ning barqaror versiyasi, kutilishicha, kelasi yil boshida chiqadi va ehtimol avval Galaxy S27 seriyasida taqdim etiladi.