Tramp harbiy operatsiyani tiyib turishni soʻragan mamlakatlarni sanab oʻtdi
Donald Tramp Saudiya Arabistoni va Fors koʻrfazidagi yana toʻrt mamlakat undan Eronga qarshi harbiy harakatlarni kuchaytirmaslikni soʻraganini aytdi.

AQSh prezidenti Donald Tramp Oq uyning Ruzvelt xonasida Stiven Smitga bergan intervyusida mintaqa mamlakatlarining iltimosiga koʻra Eronga qarshi harbiy kampaniyani davom ettirayotganini, biroq uni tiyib turganini aytdi.
Trampning soʻzlariga koʻra, undan buni Saudiya Arabistoni, Qatar, Quvayt, BAA va Bahrayn soʻragan. Prezidentning taʼkidlashicha, bu davlatlar Eron tomoni allaqachon jiddiy zaiflashgan, deb hisoblaydi. U agar bu iltimoslar boʻlmaganida, AQSh kampaniyani kuchaytirgan boʻlishini qoʻshimcha qildi.
Tramp qabul qilingan qarorning toʻgʻriligiga toʻliq ishonchi komil emasligini tan oldi, biroq AQSh harbiylari Eronga allaqachon katta zarar yetkazganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, AQSh asosan mamlakatdagi koʻpriklar va energetika infratuzilmasiga, jumladan, elektr energiyasi ishlab chiqarish obyektlariga hujum qilmagan. Prezidentning taʼkidlashicha, yirik koʻpriklardan biri vayron qilingan.
Tramp harbiy harakatlarni respublikachilarning oraliq saylovlardagi yoʻqotishlari bilan ham bogʻladi. U benzin va neft narxlarining oshishi sababli urush ommabop boʻlmay qolishi mumkinligini aytdi, iqtisodiy oqibatlarni esa Tehronga qarshi qarama-qarshilikning zaruriy bahosi deb atadi. Avvalroq prezident hozirgi vaziyatda Eronga qarshi kuch ishlatish zarurdek koʻrinmayotganini aytgan edi.



