SpaceX Starship haqida arkada oʻyinini taqdim etdi
SpaceX Starship 2.0 brauzer oʻyinini taqdim etdi: oʻyinchilar Super Heavyʼni Mechazillaga qoʻndiradi, soʻng Starshipʼda yulduzlar yigʻib, NUJlarga oʻq uzadi.

Oʻyinda Super Heavy raketasining birinchi bosqichini boshqarib, uni Mechazilla platformasiga qoʻndirishga harakat qilish kerak. Ikkinchi bosqichda esa oʻyinchi Starship kemasi yordamida yulduzlarni yigʻishi va NUJlarni yoʻq qilishi kerak. Boshqaruv strelka tugmalari yoki WASD klavishlari orqali amalga oshiriladi, probel tugmasidan ham foydalanish mumkin.
Loyiha Starship kosmik tizimining sinov parvozidan soʻng paydo boʻldi. Missiya davomida kema V3 versiyasidagi 26 ta Starlink sunʼiy yoʻldoshini orbitaga olib chiqdi va Yer atrofida 14 marta aylandi.
SpaceX tizimning har ikki bosqichini Mechazilla platformasiga qaytarishni rejalashtirgandi, biroq texnik nosozliklar sabab rejani oʻzgartirishga toʻgʻri keldi. Super Heavy B22 tezlatkichi qaytayotganida, avtomatika xavfsiz tutib olish parametrlari boʻyicha belgilangan meʼyorlardan ogʻishni aniqladi. Uning 28 dvigatelidan 27 tasi ishlagan: bittasi hali koʻtarilish paytidayoq oʻchgan. Start maydonchasiga qaytish urinishi bekor qilindi, shundan soʻng tezlatkich Meksika qoʻltigʻi tomon yoʻnaltirildi. U Texas sohilidan uncha uzoq boʻlmagan joyda suv ustida muallaq qoldi va keyin portladi. SpaceX muhandislari tutib olishni bekor qilish sabablarini oʻrganishni boshladi.
SpaceX asoschisi Ilon Mask dispetcherlar kosmodrom infratuzilmasini xavf ostiga qoʻymaslikka qaror qilganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, minora yoki uchirish qurilmasining yoʻqotilishi 2–3 oylik kechikishga olib kelishi mumkin edi.
Qaytayotgan Starship ilk bor Texasdagi uchirish majmuasida Mechazilla minorasi manipulyatorlari yordamida tutib olindi. Manevr vaqtida muammolar yuzaga kelganida, start stolini saqlab qolish uchun kemani zaxira suvga qoʻndirish hududiga yoʻnaltirish rejalashtirilgan edi.
Yana oʻqing

Anthropic rahbari AIga insoniyatni boshqarishni topshirish gʻoyasini rad etdi
Texnologiyalar12:17
Ilon Maskning AI uchun millionta sunʼiy yoʻldosh uchirish rejasi maʼqullandi
Texnologiyalar10:15
