Juma, 27-noyabr 2026-yil
Iqtisodiyot

Sezilayotgan inflyatsiya yana 10 foizdan oshdi — Markaziy bank

Oktyabr soʻrovida 3500 respondent narxlar oshishining soʻnggi 12 oydagi oʻrtacha bahosini 10,2 foiz deb koʻrsatdi — bu sentyabrdagidan 1 foiz punkt yuqori.

17-noyabr, 19:16По-русски

Read in English

Markaziy bank oktyabr oyidagi soʻrov yakunlariga koʻra, sezilayotgan inflyatsiya oshganini maʼlum qildi. Median koʻrsatkich 9 foizni tashkil etdi.

Eng yuqori bahoni Toshkent aholisi berdi — 12,1 foiz. Surxondaryo viloyatida koʻrsatkich 11,4 foiz, Xorazm viloyatida 11,2 foiz boʻldi. Narxlar oshishini eng past Qoraqalpogʻistonda — 8,5 foiz, Navoiy viloyatida — 9,1 foiz va Toshkent viloyatida — 9,5 foiz deb baholashdi.

Sohalar kesimida eng yuqori koʻrsatkichlar IT sohasida — 11,1 foiz, savdoda — 11 foiz, qurilish va maishiy xizmatlarda — 10,7 foizdan qayd etildi. Eng past baholar umumiy ovqatlanish sohasi xodimlarida — 8,6 foiz, turizm biznesi vakillarida — 8,8 foiz va talabalarda — 9,1 foiz boʻldi.

Daromadi yuqori respondentlar inflyatsiyani balandroq baholagan: oylik daromadi 20–30 mln soʻm boʻlganlarda — 14 foiz, 30 mln soʻmdan yuqori daromad oluvchilarda — 13,1 foiz, 15–20 mln soʻm daromadga ega respondentlarda — 12,6 foiz. 2 mln soʻmdan kam daromad oluvchilar guruhida baho 9,5 foizgacha, 2–4 mln soʻm daromad oluvchilar guruhida esa 9,6 foizgacha oshgan.

Ishtirokchilar koʻpincha goʻsht va sut mahsulotlari qimmatlashganini koʻrsatgan — soʻrov qatnashchilarining 52 foizi. Keyingi oʻrinlarda benzin va yoqilgʻi — 47 foiz, elektr energiyasi va tabiiy gaz — 38 foiz boʻlgan.