Microsoft Windows 11’da 860 Mbaytdan ortiq tezkor xotirani boʻshatdi
Microsoft fon xizmatlari va Microsoft 365 xotira sarfini 860 Mbaytdan koʻproqqa kamaytirdi; optimallashtirishlarning bir qismi Windows 11 26H2 yangilanishiga kirdi.

Ignite 2026 konferensiyasida Windows jamoasi resurslar taqsimotini qayta koʻrib, 8 va 16 Gbayt tezkor xotirali kompyuterlarga eʼtibor qaratdi. Windows yadrosini ishlab chiqish rahbari Ian Legrouning aytishicha, 2026-yil yanvaridan Windows Defender, OneDrive va Purview fon xizmatlari xotira sarfini birgalikda 500 Mbaytdan koʻproqqa kamaytirdi. Microsoft 365 esa yana 360 Mbayt tejadi.
Funksiyalar yoʻqotilmadi: ishlatilmaydigan komponentlar yuklanmaydi, oʻxshash freymvorklardagi modullar umumiy xotiradan foydalanadi. Oʻzgarishlarning katta qismi Windows 11 26H2’ning oktabrdagi yangilanishiga kirdi. Microsoftga koʻra, 8 Gbaytli qurilmalarda tizim javobchanligi 20 foizgacha oshdi, ofis ilovalari testlarda 10 foiz tezlashdi. Teams, 4K video, Edge varaqlari, Outlook va Office fayllari qoʻllangan 30 soniyalik ssenariyda oktabr yigʻmasi 2026-yil yanvar versiyasidan 21 foiz oʻzdi.
Windows Latest sinovida 8 Gbayt tezkor xotirali eski noutbuk qayta ishga tushirilgach, sarf 25H2’dagi 5 Gbaytdan 26H2’dagi 3,3 Gbaytgacha kamaydi. Toza virtual mashinada koʻrsatkich 4,1 Gbaytdan 2,8–3,2 Gbaytgacha tushdi, biroq vidjetlar lentasi ochilgach, yana oʻsa boshladi. Microsoft optimallashtirish har qanday hajmdagi tezkor xotirali kompyuterlar ishini tezlashtirishini bildirdi.
Yana oʻqing

Anthropic rahbari AIga insoniyatni boshqarishni topshirish gʻoyasini rad etdi
Texnologiyalar12:17
Ilon Maskning AI uchun millionta sunʼiy yoʻldosh uchirish rejasi maʼqullandi
Texnologiyalar10:15
