Oʻzbekiston delegatsiyasi Xitoydagi «Changjiang» AESga tashrif buyurdi
Energetika vaziri Sherzod Xoʻjayev boshchiligidagi Oʻzbekiston delegatsiyasi Xaynan orolidagi «Changjiang» atom elektr stansiyasiga tashrif buyurdi. Bu haqda Energetika vazirligi xabar berdi.

Stansiya rahbariyati mehmonlarga Hualong One reaktori va ACP100 kichik modul reaktori loyihasi haqida maʼlumot berdi. Vazirlik maʼlumotlariga koʻra, ACP100 tijoriy ekspluatatsiya uchun ishlab chiqilgan va dunyoda shu turdagi birinchi loyiha boʻladi.
Delegatsiya, shuningdek, AESning markaziy boshqaruv punktida boʻldi. U yerda mehmonlarga energiya bloklari qanday boshqarilishi, texnologik jarayonlar qanday kuzatilishi va yadroviy xavfsizlik qanday taʼminlanishi koʻrsatildi.
Muzokaralarda tomonlar Xitoy texnologiyalaridan Oʻzbekiston atom energetikasida foydalanish mumkin yoki mumkin emasligini muhokama qildi. Shuningdek, AESni xavfsiz ishlatish, tajriba almashish va mutaxassislar tayyorlash masalalari haqida soʻz yuritildi.



