Oʻzbekiston Markaziy banki qarzlarni hisobdan chiqarishi va muammoli banklar omonatlarini oʻtkazishi mumkin
Markaziy bank banklarni sanatsiya qilish — litsenziyani bekor qilish oʻrniga ularni sogʻlomlashtirish qoidalarini tasdiqladi. Hujjat 17-noyabrda kuchga kirdi.

Mexanizmlardan biri oraliq bank tashkil etish boʻladi: u muammoli bankning eng muhim funksiyalarini 12 oygacha bajarishi mumkin, zarurat tugʻilganda bu muddat yana bir yilga uzaytiriladi.
Sanatsiya toʻgʻrisida qaror qabul qilingach, aksiyadorlar, kuzatuv kengashi va boshqaruv vakolatlari Markaziy bankka oʻtadi. Regulyator yangi rahbariyat yoki maxsus boshqaruvchi tayinlaydi hamda kreditlar va omonatlarni ham oʻz ichiga olgan aktivlar va majburiyatlarni boshqa bankka oʻtkazishi yoki sotishi mumkin. Buning uchun omonatchilarning roziligi talab etilmaydi, yangi bank hisobvaragʻi shartnomalari esa tuzilmaydi.
Zararlar avval aksiyadorlar oʻrtasida ularning ulushlariga mutanosib ravishda taqsimlanadi. Shundan soʻng qarzlar hisobdan chiqarilishi mumkin: birinchi navbatda subordinatsiyalangan qarzlar, keyin bank bilan bogʻliq shaxslar oldidagi majburiyatlar, undan soʻng esa boshqa talablar. Kafolatlangan omonatlar, xodimlarning ish haqi va pensiyalari, soliqlar hamda ayrim operatsion majburiyatlar hisobdan chiqarilmaydi. Budjetdan mablagʻ ajratish zarur boʻlsa, Markaziy bank bu masalani Vazirlar Mahkamasi bilan kelishishi kerak.



