Juma, 27-noyabr 2026-yil
Jamiyat

Quyi palatada tibbiyotni raqamlashtirish va hal etilmagan muammolar muhokama qilindi

Parlament quyi palatasida sogʻliqni saqlash vazirining tibbiyotni raqamlashtirish va tizimlarni joriy etishdagi muammolarga bagʻishlangan maʼruzasi tinglandi.

27-noyabr, 18:22По-русски

Oʻzbekistonda parlament quyi palatasining majlisida sogʻliqni saqlashni raqamlashtirish jarayoni muhokama qilindi. 2024–2026-yillarda tibbiyot muassasalari uchun 77 mingta kompyuter xarid qilinib, ehtiyojning 87 foizi taʼminlandi; bu koʻrsatkichni joriy yil oxirigacha 94 foizga yetkazish rejalashtirilmoqda. Texnik xizmat koʻrsatish budjet mablagʻlaridan 128 milliard soʻmni tejash imkonini berdi.

Yagona tibbiy axborot tizimi — DMEDʼda elektron shifoxona, laboratoriya, retsept, ombor, reabilitatsiya va yoʻllanma xizmatlari ishlamoqda. Vazirning soʻzlariga koʻra, tizim tibbiy kartani toʻldirishga ketadigan vaqtni 15–20 daqiqadan 4–5 daqiqagacha qisqartirishga yordam bermoqda.

Deputatlar DMED barcha davlat muassasalarida ham ishlamayotganini, vazirlik platformalari esa xususiy klinikalar tizimlari bilan yetarlicha integratsiya qilinmaganini taʼkidladilar. Ayrim tibbiyot muassasalarida xizmatlar faoliyatidagi uzilishlar navbatlarning yuzaga kelishiga sabab boʻlmoqda. Keyingi vazifalar qatorida yagona raqamli platformani ishga tushirish, elektron retseptni rivojlantirish, zaxira nusxalarini yaratish va shaxsga doir maʼlumotlarni himoya qilish belgilandi. Vazirning axboroti maʼlumot uchun qabul qilindi.