Juma, 27-noyabr 2026-yil
Siyosat

Oʻzbekistonda Ummon, Iordaniya va Turkiya bilan kelishuvlarni amalga oshirish masalasi muhokama qilindi

Yigʻilishda Ummon, Iordaniya va Turkiya bilan erishilgan kelishuvlarni amalga oshirish masalasi muhokama qilindi. Ummon bilan 5 milliard dollarlik loyihalar portfeli shakllantirildi, Turkiya bilan esa 11,2 milliard dollarlik kelishuvlarga erishildi.

27-noyabr, 17:48По-русски

Read in English

Har bir mamlakat boʻyicha chora-tadbirlar, muddatlar va masʼullar koʻrsatilgan «yoʻl xaritasi»ni tayyorlash, shuningdek, loyihalarni moliyalashtirish manbalarini aniqlash va zarur infratuzilmani yaratish topshirildi.

Ummon bilan ikki tomonlama hujjatlar imzolandi va oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 1 milliard dollarga yetkazish maqsadi belgilandi. Energetika, elektrotexnika, kimyo va konchilik tarmoqlari, qishloq xoʻjaligi, moliya hamda raqamli texnologiyalar ustuvor yoʻnalishlar sifatida qayd etildi.

Iordaniya bilan hujjatlar, jumladan, preferensial savdo toʻgʻrisidagi bitim imzolandi. Ushbu bitim oʻzaro tovar ayirboshlash hajmini 500 million dollarga yetkazishga xizmat qilishi kerak. Shuningdek, toʻqimachilik sanoati, farmatsevtika, oʻgʻit ishlab chiqarish va agrosanoat klasterlari boʻyicha loyihalar belgilandi.

Biznesni qoʻllab-quvvatlash boʻyicha Oʻzbekiston–Turkiya Oliy darajadagi kengashi yigʻilishida savdo va investitsiyalarga oid kelishuvlarga erishildi. Hamkorlikning qoʻshimcha yoʻnalishlari sifatida sogʻliqni saqlash, turizm, geologiya va shaharsozlik belgilandi.

2030-yilga qadar elektrotexnika tarmogʻidagi ishlab chiqarish hajmini 130 trillion soʻmgacha yetkazish rejalashtirilmoqda.