Juma, 27-noyabr 2026-yil
Sport

Shaxmat tojligi uchun bahsda Sindarov va Gukesh yana gʻolibni aniqlay olmadi

Javohir Sindarov va jahon chempioni Dommaraju Gukesh shaxmat tojligi uchun bahsning uchinchi partiyasini durang bilan yakunladi. 60 yurishdan soʻng hisob 1,5:1,5 boʻldi.

27-noyabr, 12:50По-русски

Read in English

Jenevadagi partiya qariyb besh soat davom etdi. Qora donalarda oʻynagan Gukesh debyutdayoq tashabbusni qoʻlga oldi va tayyorgarligi tufayli Sindarovning yurishlariga tezkor javob qaytardi. 15 yurishdan keyin hindistonlik shaxmatchi ikki daqiqadan sal koʻproq vaqt sarflagan boʻlsa, oʻzbekistonlik grossmeyster ancha koʻproq vaqt ishlatdi.

Birinchi vaqt nazoratiga yaqinlashganda Sindarov jiddiy bosim ostida qoldi. 39-yurishga kelib, uning ixtiyorida atigi sakkiz soniya qolgan edi, biroq u Bb4 yurishini topib, bevosita xavfni bartaraf etdi. Qoʻshimcha vaqt berilgach, oʻzbekistonlik shaxmatchi pozitsiyani barqarorlashtirdi va raqibining hujum imkoniyatlarini chekladi.

Ruhlar almashilganidan keyin taxtada turli rangdagi fillar qoldi va bu gʻalaba ehtimolini kamaytirdi. Gukesh kuchaytirish imkoniyatlarini izlashda davom etdi, ammo Sindarov muvozanatni saqlab qoldi. Shoh bilan yurishlar takrorlanganidan soʻng raqiblar durangga rozi boʻlishdi.

Keyingi partiya 28 noyabr kuni boʻlib oʻtadi. Unda Gukesh oq donalarda oʻynaydi. Bahs 14 partiyaga moʻljallangan; agar asosiy bosqich yakunida hisob teng boʻlib qolsa, chempion tay-breykda aniqlanadi.